Iste’molchini bir oy davomida qiynab kelgan muammo yechim topdi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.07.2014-yildagi 194-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalari»ga ko‘ra, faoliyat ko‘rsatayotgan ichimlik suv ta’minoti va kanalizasiya tizimlariga (shu jumladan, suv olish kolonkalari va o‘t o‘chirish gidrantlari, uyning kiritma va chiquvlariga ham) o‘zboshimchalik bilan ulanib olish, shuningdek, ushbu tizimlardan o‘zboshimchalik bilan foydalanish taqiqlanadi. Demak, iste’molchi ushbu tarmoqqa ulanish, unga suv hisoblagich o‘rnatilishi kabi ishlarni amalga oshirilishi uchun ichimlik suv ta’minoti korxonasiga murojaat qilishi va mazkur korxonadan vakolatli shaxslarning kelib ishlarni bajarib berishini kutishga majbur.
Biroq Federatsiya tizim tashkilotlariga kelib tushayotgan murojaatlar ichida iste’molchilar murojaat qilishlariga qaramasdan tegishli tashkilot mas’ullari tomonidan yuqoridagi ishlarni bajarilishini cho‘zib yuborilishi yoki paysalga solinishi holatlaridan norozi bo‘lib qilinayotgan murojaatlar ham bor. Jumladan, Toshloq tumani «Shodlik» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Yu.G‘.ning murojaati shular jumlasidan bo‘lib, Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilingan ushbu murojaatda ichimlik suv ta’minoti tashkiloti xodimlari tomonidan suv hisoblagich bir oy avval berib ketilgan bo‘lsada, shu kunga qadar o‘rnatib berilmayotganidan norozilik bildirilgan.
Tuman jamiyati tomonidan mazkur masalada ichimlik suv ta’minoti korxonasiga so‘rov xati kiritilishi bilan iste’molchi xonadonida ichimlik suv hisoblagichi o‘rnatish joyining montaj ishlari amalga oshirilib, suv hisoblagich tegishli tartibda o‘rnatildi va foydalanishga topshirildi.
Ma’lumot uchun:
Qoidalarga ko‘ra,
– jismoniy shaxslarning suvni hisobga olish asbobini tekshirishlar oralig‘i – 8 yilni tashkil qiladi;
– suvni hisobga olish asbobining o‘rnatilgani yoki yechilgani haqidagi ikki tomonlama dalolatnomalarning tuzilishi va ularning plombalanishi bepul bajariladi.
Husnida Yakubova,
jamiyat mutaxassisi.
Post Comment