Biznesning rivoji har bir iste’molchi e’tiroziga quloq tutish va undan to‘g‘ri xulosa chiqarish bilan bo‘ladi
Bozor iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarda iste’molchilarga turli xizmatlarni ko‘rsatuvchi korxona, tashkilot va idoralar har bir mijoz bilan qayta aloqa o‘rnatgan va ularning o‘zlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati yuzasidan bildirayotgan fikr-mulohaza, takliflari, qilayotgan e’tirozlariga jiddiy e’tibor qaratgan holda ish olib boradilar. Ular o‘z faoliyat (biznes)larining samarali davom etishi mijoz (xaridor)ga bog‘liqligini, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat (ishlab chiqarilayotgan mahsulot)ni hech kim sotib olmasa biznes ham kasodga yuz tutishini juda yaxshi biladilar. Shundan «Mijoz – doim haq» degan ibora kelib chiqqan.
Federatsiya tizimlariga kelib tushayotgan murojaatlar ichida iste’molchi qaysidir tashkilotning xizmatlari uchun to‘lovni amalga oshirgani, lekin xizmat ko‘rsatish boshlanmayotgani yoki sifati talab darajasida emasligi yoxud mazkur xizmat yuzasidan o‘zi tomonidan bildirilgan e’tirozga quloq tutishmayotgani kabi masalalarda murojaatlar bo‘lib turibdi. Yozyovon tumanida istiqomat qiluvchi T.I.ning «Uzonline» internet tizimida faoliyat olib boruvchi Wi-Fi routerni yaxshi ishlamayotgani borasida Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati ham shular jumlasidandir.
O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, iste’molchining xizmat ko‘rsatuvchi koll-markaziga qilgan murojaati asosida xonadonga mutaxassis tashrif buyurgan bo‘lsada, routerning ishlash sifatida o‘zgarish bo‘lmagan. Masalaga tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati aralashgach, router yangisiga almashtirilib, xonadonni internet bilan ta’minlash sifati yaxshilangan.
Xulosa o‘rnida:
Har bir xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot o‘z mijoz (xaridor)larining ko‘rsatilayotgan xizmatlar borasidagi fikr-mulohaza, taklif va e’tirozlari bilan hisoblashmas ekan, iste’molchilarini raqobat kurashlarida o‘z raqiblariga boy berib qo‘yishlari mumkinligini, bu esa tashkilotning uzoq muddatga mo‘ljallangan rejalarini yo‘qqa chiqarishi ham mumkinligini unutmasliklari kerak.
Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.
Post Comment