Sifatli oziq-ovqat mahsuloti qaytarib olinmaydi, ammo …

Sifatli oziq-ovqat mahsuloti qaytarib olinmaydi, ammo …

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, hech qanday nuqsoni bo‘lmagan va zarur sifatdagi oziq-ovqat mahsulotlari sotilgandan so‘ng xaridordan qaytarib olinmaydi. Oldi-sotdi jarayonidagi shartnoma shartlarida ushbu holat nazarda tutilishi, ya’ni xaridorga sotib olingan mahsulotning qandaydir iste’mol xususiyatlari (ta’mi, hidi va b.) yoqmaganligi vaji bilan qaytarishi mumkinligi aytilgan (shartnomada yozma bayon qilingan), qaytarib olishning shartlari kelishilgan holatlar bundan mustasnodir, albatta. Shundan kelib chiqqan holda, iste’molchilar bunday tovarlarni xarid qilishda e’tiborli bo‘lishlari talab qilinadi.

Lekin tadbirkorlarimiz orasida xaridorning moliyaviy holati, oilaviy sharoitini hisobga olgan holda, shartnomada kelishilmagan bo‘lsada, yuzaga kelgan holatdan kelib chiqib, amaliy yordamlarini berib kelayotganlari ham yo‘q emas. Uchko‘prik tumanilik iste’molchi M.R.ning farzandi uchun 409 800 so‘mga xarid qilgan, har biri 600 gr dan bo‘lgan, 2 quti «Nutrilak» bolalar quruq sut aralashmasidan birini ochib, tegishli tartibda taom tayyorlab farzandiga berganida bola taomni hazm qilolmay qayt qilganligi, mahsulotlarni to‘lig‘icha savdo do‘koniga qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiya ishonch telefoniga qilingan murojaatni o‘rganish jarayonida duch kelingan holat shulardan biridir.

Tumanda faoliyat olib borayotgan «Asmo» supermarketi mas’ullari bilan mazkur holat yuzasidan muzokaralar olib borilganida, ular xaridorga amaliy yordamlarini ko‘rsatish maqsadida, ochilmagan (iste’mol qilinmagan) 2-qutini xaridordan qaytarib olib, iste’molchiga uning uchun to‘langan 204 900 so‘m pulni qaytarib berish taklifini bildirdilar. Bu taklif iste’molchi tomoniga ham ma’qul tushdi. Ikki tomon kelishuvi bilan muammo ham bartaraf qilindi.

Sardor Mirzajonov,
tuman jamiyati raisi.

Post Comment