Xarid qilingan maqbul sifatdagi kiyim mos kelmasa to‘langan pulni qanday holatda qaytarib olish mumkin?

Xarid qilingan maqbul sifatdagi kiyim mos kelmasa to‘langan pulni qanday holatda qaytarib olish mumkin?

Federatsiya tizim tashkilotlariga kelib tushayotgan murojaatlar ichida xarid qilingan kiyim xonadonga keltirilib qaytadan kiyib ko‘rish jarayonida uning qandaydir iste’mol xususiyati (rangi, o‘lchami, fasoni va b.) mos kelmagani, ushbu tovarni sotuvchi olib borilib, pulini qaytarilishi so‘ralganda undan rad javobi olinganligi kabi masalalardagi murojaatlar talaygina. Farg‘ona shahridagi tibbiyot muassasalaridan birida ishlovchi S.R.ning murojaati ham shular jumlasidan bo‘lib, murojaat Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, masala iste’molchi fodasiga hal etilgan hamda bichimi va rangi mos kelmagan ko‘ylak sotuvchiga qaytarilib, iste’molchiga puli qaytarib olib berilgan.

Keling shunday holatlarga duch kelganingizda qonuniy huquqlaringiz qandayligi va nimalarga e’tibor qaratishingiz lozimligi bo‘yicha biroz to‘xtalib o‘taylik.

Amaldagi qonunchilik iste’molchiga xarid qilingan nooziq-ovqat tovarning qandaydir iste’mol xususiyati (rangi, o‘lchami, fasoni) yoqmasa yoki mos kelmasa uni 10 kun ichida sotuvchiga qaytarish va pulini qaytarib olish imkoniyatini beradi, biroq bunda muayyan talablar ham borligini unutmaslik kerak.

Birinchi talab, sotuvchida boshqa bunday tovar sotuvda bo‘lmasligidir. Sotuvchida yana xuddi shunday tovar (tovarlar) bo‘lishi ishni Sizning o‘lchamingizga mos bo‘lgan, didingizga mos rang, fasondagi tovar bilan almashtirilishi bilan yakuniga yetishiga olib kelishi, pulni qaytarib olish imkonini bermasligi mumkin.

Ikkinchi talab, tovardan foydalanilmagan, u shikastlanmagan, qadog‘i bilan qaytarilgan bo‘lishi, uning iste’mol xususiyatlari saqlangan va ushbu sotuvchidan sotib olganligini tasdiqlovchi asoslar bo‘lishidir.

Uchinchi talab, biz sotuvchiga qaytarmoqchi bo‘lgan, aslida maqbul sifatdayu, lekin qandaydir iste’mol xususiyati mos kelmagan tovar O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasdiqlangan almashtirib berilmaydigan tovarlar ro‘yxatida bo‘lmasligi kerak.

Lekin shu o‘rinda, oldi-sotdi jarayonida xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi savdolashuv paytidagi kelishuv (yoki shartnoma)da tovar yoqmasa yoki mos kelmasa yoxud boshqa shartlarda tovar sotuvchi tomonidan qaytarib olinishi va xaridorga puli qaytarilishiga kelishilgan bo‘lsa (yoki sotuvchi tomonidan va’da berilgan bo‘lsa), yuqorida keltirilgan birinchi va uchinchi talablardan to‘liq, shuningdek ikkinchi talabdan qisman chetga chiqish holatlariga yo‘l qo‘yiladi hamda xaridorga puli darhol qaytariladi. Shuning uchun ham oldi-sotdi jarayonida bizga qonunda belgilab qo‘yilgan huquq va imkoniyatlardan tashqari ham yana qo‘shimcha imkoniyatlarni berishi mumkin bo‘lgan shartnoma shartlariga jiddiy e’tibor qaratilishi lozim bo‘ladi.

Post Comment