O‘z egasini tashlab o‘zganing xizmatiga «ketib qolgan» shaxsiy hisob raqam
Kommunal idoralarning iste’molchilar bilan hisob kitoblarni olib borishga mo‘ljallangan aksariyat dasturlari hozirda yarim avtomat tarzida faoliyat ko‘rsatadi. Ya’ni bunda dasturga dastlab abonentning shaxsiy ma’lumotlari kiritilishi, keyinchalik vaqti-vaqti bilan iste’mol ko‘rsatkichlarini kiritib borilishi zarur bo‘ladi, yanayam soddaroq qilib aytganda «inson omili»ning o‘rni mavjud. Bu omilda esa, vaqti-vaqti bilan, bilib yoki bilmasdan xatolarga yo‘l qo‘yish ehtimoli mavjud.
Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan tumanning «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi M.T. 2019 yildan buyon xonadondagi ichimlik suvi iste’moli uchun suv hisoblagich asosida to‘lovlarni amalga oshirib kelishlarini, lekin yaqinda xonadonga kelgan suv ta’minoti tashkiloti xodimi ularning mazkur to‘lovlardan 2 500 000 so‘m qarzdorliklari mavjudligini aytganligini bayon qilib, masalaga oydinlik kiritib berilishida amlaiy yordam ko‘rsatilishini so‘ragandi.
O‘rganishda murojaat egasi M.T.ning turmush o‘rtog‘i U.A. nomiga rasmiylashtirilgan shaxsiy hisob raqam 2024 yilda suv hisoblagichni qayta qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish ishlaridan so‘ng tumanning boshqa bir mahalla fuqarolar yig‘inidagi, boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan xonadonga birikib qolganligi, o‘tgan davr ichida amalga oshirilgan to‘lovlar o‘sha xonadon hisobiga ketaverganligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish ishlari doirasida yo‘l qo‘yilgan xatolikni to‘g‘rilash chora-tadbirlari ko‘rildi. Bu holat esa, o‘z navbatida, suv ta’minoti idorasi vakilining xonadonning 2 500 000 so‘m qarzdorligi mavjudligi to‘g‘risidagi da’vosini ham yo‘qqa chiqardi.
Islombek Ilxomov,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Post Comment