Iste’molchi qonunchilikda nazarda tutilgan o‘z talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa egaligini unutmaylik

Iste’molchi qonunchilikda nazarda tutilgan o‘z talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa egaligini unutmaylik

Amaldagi qonunchilikda hajmi katta yoki vazni besh kilogrammdan ziyod tovarni ta’mirlash, narxini tushirish, almashtirish uchun eltish va iste’molchiga qaytarib keltirib berish sotuvchining (ishlab chiqaruvchining) kuchi bilan va uning hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Ushbu majburiyat bajarilmasligi iste’molchining tovarni eltish va qaytarib olib ketish bilan bog‘liq xarajatlarini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qoplab berilishini shart qilib qo‘yadi. Qonunchilikning ushbu talabini esa barcha xizmat ko‘rsatuvchilar ham bilavermasligi yoki bilib bilmaslikka olishlari mumkin.

Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilgan F.A. joriy yilning sentabr oyi oxirlarida Farg‘ona shahridagi savdo do‘konidan 2 500 000 so‘mga sotib olingan televizorda nosozlik kuzatilgandan keyin ushbu masalada sotuvchiga murojaat qilgan. Sotuvchi esa mazkur rusumdagi televizorlarga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazi mavjudligini aytish, ularga bog‘lab berish yoki aloqa ma’lumotlarini berish o‘rniga, 50 dyumdan kichik diagonalli televizorlarga xonadonga borib xizmat ko‘rsatilmasligi javobini bergan. Bunday muomaladan taajjubga tushgan iste’molchi Federatsiya ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan.

Murojaatni o‘rganish jarayonida taraflarga amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirishlar berilib, nosozlik servis markazi ustalari tomonidan bepul bartaraf etib berilgan bo‘lsada, sotuvchilardan bu kabi holatlarda xushmuomala bo‘lishni, aks holda qo‘shimcha chiqimdor bo‘lib qolishlari mumkinligini, qonunchilikka ko‘ra ularda oldi-sotdi jarayonida iste’molchiga ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning hamda ular iste’molchidan da’vo qabul qilishga vakolat bergan, shuningdek, ta’mirlashlarini bajaradigan va texnikaviy xizmat ko‘rsatadigan korxonalarning manzillari haqida tushuntirish berish majburiyati ham mavjudligini eslatib o‘tishni joiz deb bilamiz. Zero, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda iste’molchi qonunchilikda nazarda tutilgan o‘z talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa egadir.

Mansurjon Toshkanov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment