Xatolik oqibatida bank kartasidan ikki marta pul yechib olingan iste’molchiga ortiqcha yechilgan pul summasi qaytarildi
Do‘konda mahsulotlar xarid qilish jarayonida bank kartangiz orqali savdo terminalidan pul to‘ladingiz. Telefoningizga kelgan SMS xabarnomasidan kartangizdan bir xil summa ikki marta ketma-ket yechilganligi ma’ulm bo‘ldi. Bunday holatda nima qilish kerak? Albatta, xavotirga o‘rin yo‘q. HUMO to‘lov tizimining bank kartalari orqali savdo terminalidan noto‘g‘ri pul yechilganda, mazkur to‘lovni terminal orqali bekor qilish imkoniyati ham mavjud, bunda onlayn inkassasiya amalga oshirilmagan bo‘lishi lozim. Boshqa hollarda noto‘g‘ri yechilgan pul mablag‘lari bank-ekvayer tomonidan savdo va xizmat ko‘rsatish sub’ekti arizasi asosida mijozning bank kartasiga qaytariladi.
Qo‘qon shahrida yashovchi iste’molchi M.A. ham shunday holatlardan biriga duch kelgan. «Korzinka» savdo do‘koni kassiri uning bank kartasidan 602 000 so‘m pul yechib olishi jarayonida xatolikka yo‘l qo‘yishi oqibatida, amaliyot ikki marta bajarilib, kartadan 1 204 000 so‘m pul olib qolingan. Iste’molchi buni, keyinchalik, telefoniga SMS xabarnoma kelgan vaqtida bilgan. Ertasi kuni savdo do‘koniga tashrif buyurgan iste’molchining farzandi cheklarni ko‘rsatib, yuzaga kelgan holatni tushuntirganidan so‘ng do‘kon mas’ullari xaridorning pullarini qaytarish choralarini ko‘rish va’dasini bergan bo‘lsalarda, bu ishlar cho‘zilib ketganidan so‘ng iste’molchi ushbu masalada Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Murojaat hududiy tegishliligi bo‘yicha Qo‘qon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida yuqoridagi holatni kelib chiqishi va pul summasini qaytarish ishlarini cho‘zib yuborilishi sabablariga oydinlik kiritilib, iste’molchi M.A.ga ortiqcha yechib olingan pul summasini qaytarilishi ta’minlandi.
Muhammadjon O‘lmasov,
jamiyat mutaxassisi.



Post Comment