Kesib sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishda nimalarga e’tibor qilish kerak?

Kesib sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishda nimalarga e’tibor qilish kerak?

Ayrim oziq ovqat tovarlarini, masalan kolbasa mahsulotlarini xaridorning iltimosiga ko‘ra kesib sotilishi mumkin. Bunday holatlarda ishlab chiqarilgan sanasi yoniga uning qadog‘i ochilib, kesilgan sanasini yozib qo‘yilishi shart. Chunki bunday holda mahsulotni yaroqlilik (saqlash) muddatlari o‘zgaradi. Ya’ni ishlab chiqaruvchi standartlariga ko‘ra mahsulotni qadog‘i ochilmagan va kesilmagan holda 30 kun saqlash mumkin bo‘lsa, u ochilgan (yo kesilgan) sanadan boshlab 3 kun etib belgilangan bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun iste’molchi bunday holatdagi oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olayotganda uning o‘z qadog‘ida ko‘rsatilgan ishlab chiqarilgan sanasiga, ishlab chiqaruvchi tomonidan mahsulot ochilgan (kesilgan) kundan boshlab necha kun iste’molga yaroqli bo‘lishi haqidagi ma’lumotlarga e’tibor berishi va mahsulotga sotuvchi tomonidan qo‘yilgan kesilgan (ochilgan) sana haqidagi ma’lumotlarga solishtirib olishi kerak bo‘ladi.

Misol uchun, kolbasa mahsulotining ishlab chiqaruvchi qadog‘ida uning ishlab chiqarilgan sanasini 2025 yil 1 oktabr kuni ko‘rsatilgan, ochilmagan (kesilmagan) holda yaroqlilik (saqlash) muddatlari 30 kun etib, ochilgan (kesilgan) sanadan boshlab esa 2 kun etib belgilangan. Demak, mahsulot ochilmasa yoki undan bo‘laklar kesib olinmasa va ishlab chiqaruvchi talablari asosidagi sharoitlarda saqlansa u 2025 yilning 30 oktabr kuniga (shu kun ham qo‘shiladi) qadar iste’molga yaroqli hisoblanadi. Sotuvchi ushbu yozuvlarga qo‘shimcha ravishda mahsulotdan bir bo‘lagi 2025 yilning 20 oktabr kuni kesib olingani (u ochilgani) to‘g‘risida etiketkaga yozuv qo‘ygan deylik. Demak, ushbu holatda ishlab chiqaruvchi me’yorlariga ko‘ra mahsulotning yaroqlilik (saqlash) muddatlari 22 oktabr kuni tugaydi. Siz mahsulotning ushbu kesilgan bo‘lagini 23 oktabr kuni qo‘lingizga ushlab turgan bo‘lsangiz unda mahsulotni yaroqlilik (saqlash) muddati o‘tgan hisoblanadi.

Muhammadxoji Nishonov,
So‘x tuman jamiyati raisi.

Post Comment