Elektr energiyasi hisoblagichlarini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va qayta o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanishda nimalarga e’tibor qaratish zarur?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-avgustdagi 698-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq, elektr energiyasini hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va qayta o‘rnatish jarayoni davlat xizmati sifatida ko‘rsatilishi belgilangan. Bu esa iste’molchilar uchun bir qator qulayliklarni yaratadi.
Avvalo, iste’molchi bu xizmatni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali yoki hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga bevosita murojaat qilib, tez va shaffof tartibda amalga oshirishi mumkin. Eng muhim jihati — hisoblagichni yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish ishlari bepul bajariladi. Faqatgina, agar iste’molchi hisoblagichni o‘z tashabbusi bilan almashtirmoqchi bo‘lsa ayrim texnik xarajatlar uning zimmasida bo‘lishi mumkin.
Iste’molchilar e’tiborli bo‘lishlari kerak: xizmatni faqat vakolatli xodimlar bajaradi, ular maxsus guvohnomaga ega bo‘lishi shart. Har qanday pul talab qilish, “tezlashtirib berish” yoki norasmiy xizmat ko‘rsatish holatlari qonunga zid hisoblanadi.
Shuningdek, xizmat yakunlangach, iste’molchi amal bajarilganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma bilan tanishib, unga imzo qo‘yishdan oldin barcha ma’lumotlarni sinchiklab tekshirishi lozim. Shu tarzda, iste’molchi o‘z huquqlarini himoya qilib, davlat tomonidan yaratilgan qulay, shaffof va bepul xizmatlardan to‘liq foydalana oladi.



Post Comment