Ta’mirlash uchun to‘langan pul summasi ish sifatsiz bajarilganligi sababli qaytarib olindi
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ijrochi shartnoma shartlarini bajarish jarayonida jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa iste’molchi shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqli bo‘ladi. Toshloq tumanida shunday holatlardan biri kuzatilgan.
Shu tumanda istiqomat qiluvchi R.G. tuman markazidagi yakka tartibdagi tadbirkorga qarashli telefon ta’mirlash ustaxonasiga o‘zining Honor X7A rusumli uyali telefon apparati ekran qismida yuzaga kelgan nuqsonni bartaraf qilib berilishi uchun murojaat qilgan. Telefon ta’mirlab iste’molchiga topshirilganidan so‘ng xonadoniga olib kelgan iste’molchi uning ishlash holatida o‘zgarish bo‘lmaganligini, nuqson bartaraf etilmaganligini ko‘rgach, ustaga bu haqda e’tirozini bildirib, ta’mirlash uchun to‘langan pulni qaytarilishini so‘ragan. Talabi bajarilmagach tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma murojaat qilgan.
Murojaat o‘rganilishi jarayonida ustaga yuzaga kelgan holatda iste’molchining qonuniy talablari bajarilmagan taqdirda, sifatsiz bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) tufayli yetkazilgan zarar uchun moddiy, ma’naviy zararlar undirilishi, ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkinligi tushuntirilganidan so‘ng, usta o‘z qilgan xatosini tushunib yetib, iste’molchiga ta’mirlash ishlari uchun to‘langan pul summasini qaytarib berdi.
Husnidaxon Yakubova,
jamiyat mutaxassisi.



Post Comment