Kafolat muddati: iste’molchi huquqlari va foydalanish qoidalari o‘rtasidagi muvozanat
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, kafolat muddati deganda tovardan (xizmatdan) foydalanishning normativ muddati yoki tovar (xizmat)ning muayyan vazifani bajarish vaqti tarzida belgilangan muddati tushunilib, bu muddat ichida ishlab chiqaruvchi (ijrochi), basharti tovarni ishlatish (xizmatdan foydalanish) qoidalariga rioya etilgan bo‘lsa, tovarning (xizmatning) sifatiga nisbatan normativ hujjatlarda nazarda tutilgan talablar bajarilishini kafolatlaydi va ta’minlaydi. Demak, iste’molchidan kafolat muddati bo‘yicha o‘ziga berilgan huquq va imtiyozlardan to‘laqonli foydalana olishi uchun tovarni ishlatish (xizmatdan foydalanish) qoidalariga rioya etgan bo‘lishi talab etiladi.
Ayniqsa uzoq muddat foydalaniladigan maishiy texnika buyumlarini xarid qilgach, ulardan foydalanishni boshlash va foydalanish jarayonlarida mazkur texnika jixozidan to‘g‘ri va samarali foydalanish bo‘yicha ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan shartlarga e’tiborli bo‘lish kerak. Misol tariqasida, sovutgich (xolodilnik) va muzlatgich (morozilnik)larni olaylik. Mutaxassislarga ko‘ra, sovutgichgichlar sovuq haroratda to‘g‘ri ishlamasligi yoki ishlashdan to‘xtashi ham mumkin. Aksariyat bu kabi maishiy texnika buyumlari +5 C +10 C dan past bo‘lmagan haroratlarda ishlash uchun mo‘ljallangan. Agar mazkur texnika buyumi saqlanadigan xonada harorat belgilanganidan past bo‘lsa, kompressordagi moy quyuqlashishi, freonning aylanishi buzilishi va termostat dvigatelni ishga tushirishni to‘xtatishi kabi holatlar kuzatiladi.
Xuddi shunday holatlardan biri Farg‘ona tumanilik X.X.ning u tomonidan xarid qilingan «Immer» rusumli sovutgichning nosozligi yuzasidan Federatsiya 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaatini o‘rganilishi davomida kuzatildi. Murojaatni Federatsiyaning Farg‘ona tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan mazkur rusumdagi maishiy texnika buyumlariga servis xizmatlarini ko‘rsatuvchi servis markazi ustalarini jalb qilgan holda o‘rganish ishlari olib borilganda, sovutgich o‘rnatilgan xonada haroratning o‘ta pastligi oqibatida uning ishlashida nuqsonlar kuzatilgani ma’lum bo‘ldi. Sovutgich ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan haroratdan past bo‘lmagan xonaga olib kirilganda uning ishlashidagi nosozliklar kuzatilmagan.
Shunday ekan, kafolat muddati iste’molchi uchun qonuniy himoya vositasi bo‘lsa-da, undan to‘laqonli foydalanish avvalo tovardan ishlab chiqaruvchi belgilagan qoidalarga amal qilishga bog‘liqdir. Ayniqsa maishiy texnika vositalaridan noto‘g‘ri sharoitda foydalanish nafaqat texnik nosozliklarga, balki kafolat huquqlarining cheklanishiga ham olib kelishi mumkin, shu bois har bir iste’molchi o‘z huquqi bilan birga mas’uliyatini ham unutmasligi lozim.
Kamoliddin Shokirjonov,
jamiyat mutaxassisi.



Post Comment