Yozyovonda tuman jamiyati aralashuvi bilan muammolar hal etib borilmoqda

Yozyovonda tuman jamiyati aralashuvi bilan muammolar hal etib borilmoqda

Yozyovon tumanida yashovchi M.I. joriy yilning 5-fevral kunida «Navro‘z» mahallasida joylashgan “Paynet” shoxobchasi orqali «Agrobank» ATB tuman filialidan olingan kredit uchun grafik asosida 845 000 so‘m to‘lovni amalga oshirgan. Biroq keyinchalik bank muassasasidan mazkur to‘lov summasi bankning tegishli hisob raqamiga kelib tushmaganligi ma’lum qilingan. Masalani shoxobcha egasi N.Q. bilan muzokaralar hamda «Paynet» koll-markaziga qo‘ng‘iroq qilish yo‘llari orqali hal qila olmagan iste’molchi mazkur masalada amaliy yordam so‘rab Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.

Tuman jamiyati mas’ullari tomonidan koll-markaz bilan bog‘lanilib olib borilgan muzokaralar davomida to‘lov summasini o‘z vaqtida kelib tushmaganligiga sabab bo‘lgan muammo bartaraf qilinib, to‘lov summasini tegishli hisob raqamiga yo‘naltirilishi ta’minlandi.

Shu tumanda isiqomat qiluvchi A.A. tomonidan berilgan murojaatda esa 10-fevral kunida uning xonadoniga tashrif buyurgan gaz ta’minoti idorasi xodimlari tomonidan gaz hisoblagich uskunasi xonadonda gazdan noqonuniy foydalanish vaji bilan yechib olib ketilganligi, mazkur masalani o‘rganib chiqilib ijobiy hal qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishi masalasi ko‘tarilgan edi. Iste’molchining ta’kidlashicha, o‘tgan yilning yoz oylarida uning murojaati asosida gaz idorasi mas’ullari tomonidan xonadondagi gaz hisoblagichning quvvatlagichi (batareykasi)ni almashtirib berish uchun hisoblagich muhri buzilgan, lekin quvvatlagich almashtirilgach, uni qayta muhrlab berish ishlari paysalga solib kelingan.

Masalaga tuman jamiyati aralashuvi bilan, gaz idora o‘tkazgan o‘rganishda xonadonda gazdan noqonuniy foydalanish holati tasdiqlanmaganligi ma’lum qilinib, hisoblagich uskunasi xonadonga keltirildi hamda mutaxassislar tomonidan tomonidan o‘z o‘rniga qaytadan o‘rnatildi va xonadondagi gaz ta’minoti tiklab berildi.

Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment