Tibbiy yordam uchun order olishda iste’molchining murojaati qanday hal etildi?
Ayrim hollarda fuqarolar yaqinlari og‘ir kasallikka chalinganda operatsiya yoki davolanish uchun tezkor ravishda tibbiy order olish zaruratiga duch keladilar. Bunday vaziyatlarda murojaatlarning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi inson salomatligi va hayoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Yozyovon tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Federatsiya topshirig‘i asosida alohida ta’lim ehtiyoji bor bo‘lgan bolalar uchun uyda yakka tartibda ta’lim berilishi jarayonlarini jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganilishi davomida shunday bolalardan birining onasi S.Q. murojaat qilib, qizi Sh. R.da jarrohlik amaliyoti o‘ktazish va davolash uchun order bilan ta’minlashda amaliy yordam so‘ragan. Murojaatda qayd etilishicha, bemor og‘ir xastalik bilan kasallangan bo‘lib, shoshilinch tibbiy muolajalarga ehtiyoj sezgan.
Murojaat kelib tushgach, jamiyat mutaxassislari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda holatni o‘rganib chiqdilar. O‘rganish jarayonida tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassislari bilan suhbatlashilib, bemorda «preserebral arteriyalar trombozi keltirib chiqargan miya infarkti» tashxisi mavjudligi va u haqiqatdan ham davolanishga muhtoj ekani aniqlangan.
Shundan so‘ng, mutaxassislar murojaatchiga amaldagi qonunchilik normalari va o‘z huquqlari haqida tushuntirishlar berib, tibbiyot muassasasi mas’ullari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazgan. Natijada bemorni operatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan orderni rasmiylashtirish masalasi ijobiy hal etilgan. Fuqaroning murojaati qanoatlantirilib, unga qo‘shimcha e’tirozlari mavjud emasligi bildirilgan.



Post Comment