Asossiz qarzdorlik bartaraf etildi: iste’molchi foydasiga 1 million 770 ming so‘m qayta hisob-kitob qilindi
Fuqarolar uchun kommunal xizmatlar bo‘yicha hisoblangan qarzdorliklarning to‘g‘riligi muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha noto‘g‘ri hisob-kitoblar aholi orasida ko‘plab savol va e’tirozlarni keltirib chiqaradi. Bunday holatlarda iste’molchining o‘z huquqlarini bilishi va murojaat qilishdan cho‘chimasligi muhim hisoblanadi.
Farg‘ona tumanilik fuqaro M. G‘. ichimlik suvi xizmati bo‘yicha hisoblangan qarzdorlikdan norozi bo‘lib, Farg‘ona tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi.
Murojaatda iste’molchining shaxsiy hisob raqamida 1 million 850 ming so‘m miqdorida qarzdorlik mavjudligi ko‘rsatilgani va ushbu hisob-kitobning asosliligiga shubha bildirilgan. Shu munosabat bilan jamiyat mutaxassislari murojaatni nazoratga olib, masalani o‘rganish ishlarini boshladilar.
Jamiyat tomonidan “Farg‘ona suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatining Farg‘ona tuman filialiga rasmiy so‘rov yuborilib, hisob-kitoblarni qayta tekshirish hamda iste’molchining murojaatini qonunchilik talablari asosida ko‘rib chiqish so‘raldi.
Masalani o‘rganish jarayonida jamiyat mutaxassislari, suv ta’minoti korxonasi xodimlari va iste’molchi ishtirokida qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazildi. Tekshiruv davomida iste’molchining to‘lov hujjatlari hamda hisob-kitob ma’lumotlari qayta tahlil qilindi.
Natijada ichimlik suvi bo‘yicha hisoblangan qarzdorlikda xatolikka yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirilib, iste’molchi foydasiga 1 million 770 ming so‘mlik mablag‘ qayta hisoblandi. Shuningdek, avval qayd etilgan qarzdorlik bartaraf etildi va fuqaroning shaxsiy hisob raqamida qarzdorlik mavjud emasligi ma’lum qilindi.
Ushbu holat iste’molchilar uchun muhim saboq bo‘la oladi. Kommunal xizmatlar bo‘yicha hisoblangan qarzdorlik yoki to‘lovlar yuzasidan shubha tug‘ilganda, fuqarolar o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida tegishli tashkilotlarga murojaat qilishlari zarur. Chunki ba’zan texnik yoki hisob-kitob xatolari sababli asossiz qarzdorliklar shakllanishi mumkin.
Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, iste’molchilar kommunal xizmatlar uchun amalga oshirilgan to‘lov kvitansiyalarini saqlab borishlari, shaxsiy hisob raqamlaridagi ma’lumotlarni muntazam tekshirib turishlari va noaniqliklar aniqlanganda darhol xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot yoki iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilishlari maqsadga muvofiq.
Farg‘ona tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan ko‘rib chiqilgan mazkur murojaat natijasida fuqaroning qonuniy manfaatlari tiklandi va asossiz qarzdorlikka barham berildi. Bu esa iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi amalda samarali ishlayotganining yana bir amaliy namunasidir.



Post Comment