Sanatoriy va profilaktoriylarda xizmatlar sifati jamoatchilik nazoratida

Sanatoriy va profilaktoriylarda xizmatlar sifati jamoatchilik nazoratida

Farg‘ona tumani nafaqat Farg‘ona viloyati, balki butun respublika miqyosida ham yirik sanatoriy-kurort hududi sifatida tan olingan. Hududning qulay iqlimi, shifobaxsh tabiiy resurslari va zamonaviy davolash-sog‘lomlashtirish muassasalari tufayli bu yerga yil davomida yurtimizning turli hududlaridan hamda xorijdan keluvchi mehmonlar tashrif buyuradi. Ayni paytda tumanda o‘nlab sanatoriylar, profilaktoriylar, dam olish maskanlari va sog‘lomlashtirish muassasalari faoliyat yuritib, aholi hamda turistlarga turli xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining tegishli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan mazkur muassasalarda keng qamrovli jamoatchilik nazorati tadbirlari amalga oshirilmoqda.

O‘rganishlar davomida sanatoriy va profilaktoriylarda iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, yashash va davolanish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xonalarning sanitariya-gigiena holati, oziq-ovqat bilan ta’minlash sifati, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tartibi, dam oluvchilar uchun xavfsiz muhit yaratilganligi hamda xizmatlarning amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligi atroflicha baholanmoqda.

Shuningdek, muassasalarda xizmat ko‘rsatish jarayonida iste’molchilarga zarur axborotlarning to‘liq taqdim etilishi, xizmatlar narxlari va shartlari haqida ochiq ma’lumotlarning mavjudligi, taklif va shikoyatlar kitobining yuritilishi, murojaatlarni qabul qilish tizimi ham o‘rganilmoqda.

Jamoatchilik nazorati tadbirlarining asosiy maqsadi aholi, jumladan mamlakatimiz fuqarolari va xorijiy turistlarga ko‘rsatilayotgan sanatoriy-kurort xizmatlarining sifati, xavfsizligi va ochiqligini baholash, amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishini o‘rganish, mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Monitoring jarayonida muassasa rahbarlari va mas’ul xodimlar bilan muloqotlar tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonuni talablari, iste’molchilarning qonuniy huquqlarini ta’minlash, xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirish hamda murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sanatoriy-kurort xizmatlari mamlakatimiz turizm salohiyatini namoyon etuvchi muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois mazkur sohada xizmatlar sifatini muntazam jamoatchilik nazorati asosida baholab borish, iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish va ko‘rsatilayotgan xizmatlarni xalqaro talablar darajasiga yetkazish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu kabi jamoatchilik nazorati tadbirlari Farg‘ona viloyatining boshqa hududlarida ham izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, Beshariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan ham hududda faoliyat yuritayotgan sanatoriy va sog‘lomlashtirish muassasalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, iste’molchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, sanitariya-gigiena talablariga rioya qilinishi hamda amaldagi qonunchilik talablarining bajarilishi yuzasidan o‘rganishlar olib borilmoqda. Monitoringlar davomida aniqlangan holatlar tahlil qilinib, xizmatlar sifatini yanada oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va iste’molchilarning qonuniy huquqlarini ta’minlashga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.

Post Comment