Jamoatchilik nazorati va huquqiy targ‘ibot – sifatli tibbiy xizmat kafolati
Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining tegishli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida sog‘liqni saqlash tizimiga qarashli davlat tibbiyot muassasalarida jamoatchilik nazorati tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur o‘rganishlardan asosiy maqsad aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, sanitariya-gigiena talablariga rioya etilishi, muassasalarda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash holati hamda iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarining ta’minlanish darajasini baholashdan iborat.
Jamoatchilik nazorati tadbirlari davomida nafaqat muassasalar faoliyati o‘rganilmoqda, balki tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotlar ham tashkil etilib, ularga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikning mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunida belgilangan huquq va kafolatlar, tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonida iste’molchilarning huquqlarini ta’minlash, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va qonuniy hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, uchrashuvlar davomida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining aholi manfaatlarini himoya qilish, huquqiy maslahat berish, nizolarni sudgacha hal etishga ko‘maklashish hamda iste’molchilik madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumotlar taqdim etilmoqda.
Tibbiyot xodimlariga iste’mol sohasiga oid muammolarga duch kelinganda yoki fuqarolarning huquqlari buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda Federatsiya tizimiga murojaat qilish tartibi, murojaatlarni qabul qilish mexanizmlari va huquqiy yordam olish imkoniyatlari bo‘yicha ham amaliy tavsiyalar berilmoqda.
Bu kabi targ‘ibot va tushuntirish tadbirlari tibbiyot muassasalari xodimlarining huquqiy bilimini oshirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, ochiqlik va mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, jamoatchilik nazorati jarayonida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.



Post Comment