«Iste’molchi huquqlari himoyachisi» ko‘krak nishoni topshirildi
Toshloq tumanida «Ustoz va murabbiylar kuni» munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida jamoatchilik va ta’lim sohasi vakillarini rag‘batlantirishga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan «Iste’molchi huquqlari himoyachisi» ko‘krak nishoni Toshloq tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Soliyev Abdumajid Boqiyevichga tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur ko‘krak nishoni nafaqat Federatsiya tizimi xodimlarini, balki iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda faol ishtirok etgan, aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot va iste’molchilik madaniyatini oshirishga munosib hissa qo‘shgan, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish harakatini rivojlantirishda faollik ko‘rsatgan hamkor tashkilotlar xodimlari va fuqarolarni ham rag‘batlantirishga qaratilgan.
Abdumajid Solievning ushbu yuksak e’tirofga munosib ko‘rilgani ta’lim sohasi va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishlaridagi hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘ldi. Zero, yosh avlodga sifatli ta’lim va tarbiya berish bilan bir qatorda, ularni huquqiy bilimli, o‘z huquq va majburiyatlarini biladigan, iste’molchilik madaniyati shakllangan shaxslar etib tarbiyalash ham muhim vazifalardan biridir.
Taqdirlash marosimida «Ustoz va murabbiylar kuni» munosabati bilan ustoz va murabbiylarning jamiyat hayotidagi o‘rni va yosh avlod kamolotiga qo‘shayotgan hissasi alohida ta’kidlandi.
«Iste’molchi huquqlari himoyachisi» ko‘krak nishonining topshirilishi esa nafaqat shaxsiy mehnatga berilgan baho, balki jamoatchilik bilan hamkorlikda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish va aholi manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi faollikning munosib e’tirofi bo‘ldi.



Post Comment