Yil davomida olib borilgan ishlar sarhisob qilinganda
Bag`dod tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan 2019 yil mobaynida isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish, ularning isteʼmolchilik huquqiy bilim va isteʼmol madaniyatini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Yil davomida tuman jamiyatiga isteʼmolchilarning huquqlari buzilganligi holatlari yuzasidan jami 87 ta murojaatlar kelib tushdi. Аriza va shikoyatlarning 54 tasi yozma va 33 tasi og`zaki hamda ishonch telefoni orqali qabul qilingan murojaatlardir. Ushbu murojaatlarni o`rganib chiqish natijasida isteʼmolchilar foydasiga jami 51 809 407 so`m qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi. Tumanimiz fuqarolarining bizning tashkilotimizga murojaatlari o`tgan yilning shu davriga nisbatan olinganda 12 foizga ortganligi aholimizning Federatsiya tizimlariga ishonchi ham ortib borayotganligini ko`rsatib bermoqda deyish mumkin.
Tuman jamiyati qoshida tashkil etilgan “Huquqiy maslahat markazi”ga 143 nafar fuqarolar turli masalalarda maslahat so`rab murojaat qilgan bo`lib, ularning murojaatlariga tegishli mutaxassislar tomonidan bepul huquqiy maslahatlar berildi. Shuningdek, tuman jamiyati raisining aholi bilan muloqoti kunlari doirasida tumanda yashovchi 83 nafar fuqarolarning isteʼmolchilik sohasiga oid masalalari bo`yicha amaliy va huquqiy yordamlar ko`rsatildi. O`rganib chiqishni talab etuvchi murojaatlarini amaldagi tartib qoidalar asosida o`rganib chiqilib, ijobiy hal etib berilishiga erishildi.
Federatsiyaning hamkor tashkilotlar bilan imzolangan chora-tadbirlar rejalariga asosan aholining huquqiy bilim va isteʼmol madaniyatini yanada yuksaltirish yuzasidan tumanda faoliyat olib boruvchi korxona, tashkilot, idora va muassasalarda 84 ta o`quv seminarlari va 78 ta davra suhbatlari o`tkazilib, tadbirlarda 4125 nafar isteʼmolchilar ishtirok etdi.
Hisobot davrida, isteʼmolchilarning huquqiy savodxonligini oshirish bo`yicha “Toxir-Bag`dod” televideniyesi va Farg`ona radiosi bilan yaqindan hamkorlik olib borildi. Respublika va mahalliy gazeta va jurnallarda 100 dan ortiq maqolalar berildi, Federatsiyaning istemol.uz, hududiy birlashmaning istemolchi-info.uz saytlarida 30 dan ortiq targ`ibot-tashviqot materiallari chiqarildi. Bundan tashqari, tuman jamiyatining Facebook ijtimoiy tarmog`idagi sahifasida 465 ta axborot materiallari tarqatildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlari to`g`risida”gi 2017 yil 13 sentyabrdagi PQ – 3271-sonli qarori hamda Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo`yicha 5 ta muhim tashabbus”ga asosan, O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi hamda Bag`dod tuman hokimligi homiyligida “Isteʼmolchilar kutubxonasi”ni o`z ichiga olgan “Isteʼmolchilar uyi” qurib bitkazilib foydalanishga topshirilgani jamiyat mutasaddilari va tuman aholisi uchun eng quvonarli voqea bo`ldi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Chunki kutubxona mahallaning eng gavjum nuqtasida joylashgan bo`lib, tez orada yoshu qari uchun birdek xizmat qiladigan sevimli maskanga aylanib ulgurdi. Jamiyat xodimlari esa o`zlarining zamonaviy, yorug` va shinam xonalarida aholi murojaatlarini qabul qilishmoqda.
Tuman jamiyati xodimlari yangi 2020 yil davomida ham soha rivoji hamda aholining mushkulini oson etish yo`lida sidqidildan mehnat qilishib, bundan-da yaxshi natijalarga erishishni o`z oldilariga maqsad qilib qo`yganlar.
Marg`ubaxon Oltiboeva,
Bag`dod tuman jamiyati matbuot
va axborot mutaxassisi
Post Comment