Qonuniy talab bajarilmagach shartnoma bekor qilindi
Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) agar isteʼmolchiga tovarni sotgan, lekin ushbu sotilgan tovarda keyinchalik kamchilikka yoki nuqsonlar aniqlansa, uni o`z hisobidan almashtirib berishi yoki undagi nuqsonlarni bepul bartaraf etishi lozim. Biroq quyidagi tadbirkor tushunib-tushunmasdan hamda qonunning ushbu talablariga rioya etmasdan bir fuqaroning huquqlari buzilishiga yo`l qo`ydi.
Rishton tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Аvazboy MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro B.O. (fuqaroning ism-sharifi o`zgartirish bilan, tasodifiy harflar bilan berilmoqda), tuman markazidagi kredit savdo do`konidan 1700000 (Bir million yetti yuz ming) so`mga MI-7 rusumli qo`l telefoni xarid qilgani, ammo telefon apparati uchinchi kuniyoq ishlamay qolgani sababli uni savdo do`koni rahbariga qaytarib bergan bo`lsada, qariyb uch oydan buyon masala ijobiy hal qilinmasdan, kamiga kredit to`lovlarini ham talab qilayotganligidan norozi bo`lib murojaat qildi.
Fuqaroning murojaatiga asosan jamiyat mutaxassislari olib borgan o`rganuvlar jarayonida haqiqatdan ham, nuqsonli tovarni fuqaro tomonidan qaytarib berilganiga uch oydan ortiq vaqt o`tgan bo`lsada, muammo ijobiy hal etilmasdan kelayotganligi maʼlum bo`ldi.
Savdo do`koni rahbariga isteʼmolchiga sotilgan tovarda nuqson aniqlangan taqdirda, isteʼmolchi qonunning 13-moddasiga asosan bunday tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirilishi talabini qo`yishi mumkinligi, bunday talab qo`yilgan taqdirda esa sotuvchi, tovar qanday shartlar bilan sotilganligidan qatʼiy nazar qonunning 14-moddasiga asosan nuqsonli tovarni 7 kunlik muddat ichida almashtirib berish choralarini ko`rishi shartligi, agar uning mazkur qonuniy talabi bajarilmagan taqdirda, isteʼmolchida ushbu qonunning 16-moddasiga asosan shartnomani bekor qilish huquqi vujudga kelishi tushuntirildi. Shuning bilan birgalikda, isteʼmol krediti shartlarida sotilgan tovar nuqsonlari sababli sotuvchiga qaytarilganligini inobatga olib, do`kon rahbari kredit uchun to`lov talab qilishi ham amaldagi qonun va qoidalarga zidligi bo`yicha tushuntirish berildi.
Hartugul tushuntirishlar kor qilib, tadbirkor va isteʼmolchi o`rtasida 2020 yilning 19 yanvarida imzolangan shartnomani bekor qilinishiga erishildi. Shuning bilan birgalikda, isteʼmol krediti telefon apparatiga to`langan pulning unga qaytarilishi lozim bo`lgan qismi isteʼmolchining aynan shu do`kondan olgan muzlatgichi to`lovlariga qayta hisob-kitob qilinadigan bo`ldi.
P.s. Аgar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) isteʼmolchining tovarni almashtirib berish yoki undagi nuqsonlarni bartaraf etish haqidagi talablarini bajarmagan bo`lsa, isteʼmolchi tovarning xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirishni yoki shartnomani bekor qilib yetkazilgan ziyon va maʼnaviy zararni ushbu Qonunning 20 va 22-moddalariga muvofiq qoplashni talab qilishga haqli.
(O`zbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`rsida”gi qonuni 16-moddasi)
Husniddin Latipov
Rishton tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment