Usta o`zi tomonidan qo`yilgan ehtiyot qismning sifatiga javob bermasmish!?

Usta o`zi tomonidan qo`yilgan ehtiyot qismning sifatiga javob bermasmish!?

 

 

Yozyovon tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan amaldagi qonunlar va qonunosti hujjatlari, Federatsiya Ustavi bilan belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash borasida tizimli asosda ishlar olib borilmoqda. Tuman jamiyatiga fuqarolar isteʼmolchilik sohasiga oid turli masalalarda yozma, og`zaki va elektron shaklda murojaat qilishlari mumkin. Keling, tuman jamiyatiga isteʼmolchilardan o`z shaxsiy avtomobillarini ekspluatatsiya qilish jarayonida yuzaga kelgan muammolar yuzasidan joriy yil boshidan buyon o`tgan davr ichida kelib tushgan ikkita murojaat va ularni o`rganib chiqilishi natijalari bilan tanishaylik.

Mazkur tumanda istiqomat qiluvchi Sh.K. tuman jamiyatiga yakka tartibdagi tadbirkor U.N.J. (tadbirkor familiya, ismi, sharifi bosh harflari) tomonidan ko`rsatilgan xizmatdan norozi bo`lib yozma ravishda murojaat qilgan.

Murojaatni o`rganishda maʼlum bo`lishicha, isteʼmolchi yuqoridagi tadbirkorga qarashli ustaxonaga o`z avtomashinasiga metan gaz moslamasini o`rnatish uchun buyurtma bergan. O`sha kunni o`zida avtomashinaga umumiy qiymati 2 600 000 (ikki million olti yuz ming) so`mga 100 litr sig`imli metan gaz moslamasi o`rnatib berilgan. Lekin avtomashina egasi tomonidan mazkur moslamadan foydalanish jarayonida uning talab darajasida ishlamayotganligi kuzatilgan. Shundan so`ng u mazkur ustaxonaga ushbu masalada murojaat qilganida, ustalardan “Biz ishimizga kafolat beramiz, ballonga esa bermaymiz”, degan mujmal javobni olgan. Kamiga usta unga yana yangi ballon qo`yish uchun 2 500 000 (ikki milion besh yuz ming) so`m olishini maʼlum qilgan.

Murojaatni o`rganish jarayonida xizmat ko`rsatuvchilarga “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonun targ`iboti qilinib, isteʼmolchi va xizmat ko`rsatuvchining huquq va majburyatlari tushuntirildi va sifatsiz ballonni maqbul sifatdagisiga almashtirilishiga erishildi.

Yozyovonlik yana bir isteʼmolchi А.V. shu tumanda avtomobillarga texnik xizmat ko`rsatish faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkor M.X.R.ga (tadbirkor familiya, ismi, sharifi bosh harflari) qarashli ustaxona tomonidan ko`rsatilgan xizmatning sifatsizligidan shikoyat qilib yozma ravishda murojaat qilgan.

Maʼlum bo`lishicha, u ustaxonaga o`zining shaxsiy avtomobili motor qismini taʼmirlatish uchun topshirgan. Taʼmirlash ishlari tugatilib, avtomashina isteʼmolchi tomonidan qabul qilib olingach, oradan 10 kun o`tar-o`tmasdan avtomashina motor qismida yana muammolar chiqqan. Isteʼmolchi ustaxonaga kelib, taʼmirlash ishlarini qaytadan o`tkazilishini yoki puli qaytarilishini talab qilgan. Ustalar uning talablariga javoban hozirda aksariyat ehtiyot qismlar sifatsizligini, talab darajasida taʼmirlash va boshqa ehtiyot qismlar qo`yishlari uchun yana pul to`lashi lozimligini aytib, isteʼmolchining talabini bajarmaganlar.

O`rganish ishlari jarayonida amaldagi qonun talablari, unga ko`ra isteʼmolchi huquqlari va xizmat ko`rsatuvchi majburyatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shundan so`ng ustaxona 3 kun ichida avtomashinani qayta taʼmirlashni o`z zimmasiga oldi.

Eslatma: “Isteʼmolchilarning huquqlarini hiimoya qilish to`g`risida”gi qonun 17-moddasiga ko`ra, agar ijrochi ishni bajarishda jiddiy nuqsonlarga yo`l qo`ygan bo`lsa, isteʼmolchi kafolat muddati davomida, kafolat muddati bo`lmagan taqdirda esa, ish (xizmat) qabul qilib olingan kundan eʼtiboran olti oy davomida nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (ko`rsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko`rilgan zarar to`liq qoplanishini talab qilishga haqli.

Raxmatillo Shodmonov

Yozyovon tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Post Comment