Muammo iste`molchi foydasiga hal etildi

Muammo iste`molchi foydasiga hal etildi

Katta-katta ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarish liniyalaridan bir kunda yuzlab, minglab mahsulotlar o`tadi. Mahsulot tayyor bo`lish jarayonida va tayyor bo`lgach, tanlov asosida ularning ichidan bir nechasi korxonaning o`zida sinov tekshirishlaridan ham o`tkaziladi.

Lekin ana shu mahsulotlarning ichida bitta-yarimta o`z vazifasini to`laqonli bajara olmaydigan, brak mahsulot ham o`tib ketishi tabiiy hol. Ushbu mahsulot esa savdo nuqtalari orqali aylanib-aylanib qaysidir isteʼmolchining qo`liga kelib tushadi. Isteʼmolchida esa o`z-o`zidan eʼtiroz kelib chiqadi. Аna shu oxirgi jarayondan boshlab rivojlangan davlatlar va ayrim rivojlanish bosqichida turgan davlatlar o`rtasida bitta jiddiy farq kuzatiladi. Yaʼni rivojlangan davlatda isteʼmolchida bunday haqli eʼtiroz kelib chiqsa, ishlab chiqaruvchi ham, sotuvchi ham ushbu holatni to`g`ri qabul qilib, mahsulotdagi brakni tan olib, yuzaga kelgan nizoli holatni tezroq bartaraf etish, nuqsonli tovarni almashtirish yoki pulini qaytarish, qo`yingki isteʼmolchining mazkur ishlab chiqaruvchi korxona mahsulotidan ko`ngli qolmasligi choralarini ko`radi. Ikkinchi toifadagi davlatlarda esa bunday holatda nuqsonning kelib chiqish sabablarini o`rganish bir chetda qolib, isteʼmolchidan nuqson qidirish, uni o`zini ayblashga intilish va iloji boricha nuqsonni kelib chiqishini unga olib borib taqashga intiladilar. Qizig`i, bunday hollarda, sotuvchilar ham xuddiki mazkur mahsulotni ishlab chiqarilishi jarayonida boshidan oxiriga qadar ustida turgan odamday to`liq ishlab chiqaruvchi tomoniga o`tib oladilar. Natijada nafaqat isteʼmolchiga, oxir oqibat ana shu ishlab chiqaruvchining o`ziga katta ziyon yetadi. Sababi odamlarning mazkur ishlab chiqaruvchi mahsulotlaridan ko`ngli qolib, uning mahsulotlarini sotib olmay qo`yadilar. Mahsuloti sotilmagan yoki yaxshi sotilmagan ishlab chiqaruvchining esa kelajagi yo`q. Аfsuski, buni barcha ishlab chiqaruvchi korxonalar ham o`z vaqtida anglab yetmaydilar.

Yuqorida bildirilgan fikrlarga to`la mos keladigan holat bo`lmasada, bitta misol keltirib o`tsam. Bag`dod tumani Yuksalish mahallasida yashovchi isteʼmolchi N. Xojimatova tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaati o`rganildi. Murojaatda u tuman markazida joylashgan “Texnomart” kredit savdo do`konidan ovqat pishirish uchun mo`ljallangan granit asosli “MEChTА” qozonini naqd pulga sotib olganligi, qozondan foydalanish jarayonida tayyorlangan ovqatlarda qandaydir nomaʼlum yoqimsiz taʼm vujudga kelayotganligi, qozon qopqog`ining issiqlikni to`laqonli ushlab turmasligi kabi holatlardan norozi bo`lib, tovarni sotuvchiga qaytarish bo`yicha harakatlari samara bermayotganligidan shikoyat qilgan.

Murojaatni o`rganish davomida isteʼmolchi mazkur savdo do`konidan mahsulotni 217 000 (ikki yuz o`n yetti ming) so`m naqd pulga sotib olganligi, oradan 6 kun o`tgandan so`ng mahsulotni savdo do`koniga qaytarib olib kelganligi va nuqsonlari borligi bo`yicha eʼtiroz bildirilgan mahsulot sotuvchi tomonidan qaytarib olingan bo`lsada, sotuvchi uni almashtirish yoki isteʼmolchining pulini qaytarish choralarini ko`rmaganligi maʼlum bo`ldi. O`rganish davomida tomonlarga “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni tegishli moddalari asosida tushuntirishlar olib borildi. Xususan sotuvchiga, qonunning 14-moddasiga ko`ra sotuvchi nuqsonli tovarni yetti kunlik muddatda, uning sifatini qo`shimcha ravishda tekshirish zarurati bo`lganda esa yigirma kun ichida almashtirish choralarini ko`rmasa, ushbu muddatlardan o`tkazib yuborilgan har bir kun uchun tovar bahosining bir foizi miqdorida penya (neustoyka) to`lashiga to`g`ri kelishi, isteʼmolchining nuqsonli tovarni almashtirish, bepul taʼmirlash kabi qonuniy talablarini bajarmaslik qonunning 16-moddasiga asosan moddiy zarar va maʼnaviy ziyon undirilishiga sabab bo`lishi kabi holatlar atroflicha tushuntirildi. Natijada muammo shu kunning o`zida hal etilib, isteʼmolchiga 217 000 (ikki yuz o`n yetti ming) so`m puli qaytarildi.

– Men qozon sifatsiz ekanligini bilgach uni savdo do`koniga qaytarib olib bordim. Аmmo u yerdagi xodimlar qozonning sifatsizligini bilsalarda, uni almashtirish yoki pulimni qaytarishdan bosh tortdilar. Bag`dod tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati aralashuvi bilan muammo osongina hal etildi. Men tuman jamiyati xodimlariga o`z minnatdorchiligimni bildiraman va chuqur hurmatimni izxor qilaman, – deydi isteʼmolchi murojaati yuzasidan amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan natijadan xursand bo`lgan holda tuman jamiyatiga bergan minnatdorchilik xatida.

 

Dilorom Mirzaeva

Bag`dod tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Post Comment