Nuqsonli tovar maqbul sifatdagisiga almashtirildi
Bag‘dod tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan tumandagi Paxta qishlog‘ida yashovchi fuqaro G.Tillavoldiyevaning murojaati o‘rganildi.
Murojaatda bildirilishcha, fuqaro Bag‘dod tumani markazida joylashgan “Texnomart” savdo markazidan umumiy qiymati 1407000 (bir million to‘rt yuzi yetti ming) so‘m bo‘lgan Samsung Galaxy AO2 rusumli mobil aloqa telefoni olgan. Biroq undan foydalanish jarayonida telfon bir necha marotaba o‘chib qolib, mobil qurilmaning quvvatlagichida nuqsoni borligi aniqlanib, savdo markaziga almashtirish maqsadida kelgan. Lekin iste’molchining nuqsonli mahsulotni almashtirish talabi rad qilinib, sotuvchi nuqsonli tovar almashtirilmasligi, balki servis markazida ta’mirlab berilishini tushuntirish berish bilan cheklangan.
Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, nuqsonli tovar sotilganda, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, iste’molchi o‘z xohishiga qarab nuqsonli tovarni almashtirish, tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish, shartnomani bekor qilib ko‘rilgan zararni qoplash (pulini qaytarib olish) va boshqa shu kabi talablarini qo‘ya oladi. Qonunga ko‘ra iste’molchi o‘z qonuniy talablarini sotuvchiga qo‘yadi. Agar bu holda tovarni almashtirish talabi qo‘yilsa, qonunning 14-moddasiga muvofiq, sotuvchi iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yetti kun ichida uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirib berishi kerak. Ushbu muddatga amal qilmaslik, sotuvchining o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘lashiga sabab bo‘lishi mumkin.
Murojaatni o‘rganish ishlari davomida sotuvchiga yuqoridagi holatlar tushuntirildi. Natijada ish iste’molchi foydasiga hal etilishi bilan yakun topib, nuqsonli mobil qurilma ayni shu markadagi boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirildi.
Dilorom Mirzayeva
Bag‘dod tumani IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment