Shartnoma shartlari ijro qilinishi uchunmi yoki …?

Shartnoma shartlari ijro qilinishi uchunmi yoki …?

Quva tuman Guliston mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi A.Xaydarov “Toza hudud” DUK tomonidan chiqarilgan qarzdorlik, chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketilmayotganligi hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatidan noroziligini bildirib, Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilgan.

Tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari mazkur murojaatni mahalla raisi hamda murojaat egasi ishtirokida o‘rganib chiqdilar.

Iste’molchining fikriga ko‘ra, u maishiy chiqindilarni olib ketish tartib qoidalari bo‘yicha hech qanday tushunchaga ega emas, sababi tumandagi “Sanitar tozalash xizmati” xodimlari hududda yashovchi iste’molchilarga bu borada tushuntirish ishlari olib bormaganlar, mahalla fuqarolar yig‘ini bilan tuzilgan ommaviy shartnoma shartlariga rioya etilmasligi, chiqindilarni jadval asosida belgilangan kunda olib ketilmasligi holatlari ko‘p kuzatilyapti.

Mahalla raisiga ko‘ra, chiqindilarni olib ketish korxonasi bilan 2022 yilning mart oyida ommaviy tusdagi shartnoma imzolangan, korxona hududga belgilangan kunda emas, balki haftaning boshqa bir kunida kelib ketmoqda.

“Sanitar tozalash xizmati” korxonasi o‘rganuvga korxona hamda Guliston mahalla fuqarolar yig‘ini o‘rtasida tuzilgan shartnoma nusxasi va chiqindilarni olib ketish jadvalidan nusxa taqdim qilingan bo‘lsada, korxonadan murojaatni o‘rganish ishlariga mutaxassis ajratilmadi. Shartnoma ko‘zdan kechirilganda, uning qaysi sanada (yil, oy, kun) tuzilganligi ko‘rsatilmaganligi, bu bilan shartnoma qachondan boshlab kuchga kirishi hamda mazkur hudud aholisidan to‘lov undirishga asos bo‘lishi mavhum qolganligini ko‘rsatdi. Shuningdek, korxona xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida chiqindilarni olib ketish, to‘lanadigan to‘lovlar va boshqa holatlar yuzasidan tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmaganligi, bu bilan amaldagi 5 va 6-moddalari talablari ijrosi ta’minlanmaganligi ham ma’lum bo‘ldi.

O‘rganish yakunlariga ko‘ra, iste’molchilarning huquklarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikning tegishli talablarini buzilishi holatlari yuzasidan viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga qonuniy chora-tadbirlar belgilanishini so‘rab aloqa xati yuborildi.

Feruza Umurzaqova
Quva tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

foto Advice.uz

Post Comment