Aholini ro‘yxatga olish ishlariga jalb etiladigan xodimlar toifalari
Respublika miqyosida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati xodimlari ishtirok etadi, hududlarda ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, materiallarni avtomatlashtirilgan holda qayta ishlash, dastlabki yakunlarni sarhisob qilish va natijalarni e’lon qilish uchun viloyat statistika boshqarmalari, tumanlar va shaharlar statistika bo‘limlari xodimlari jalb etiladi.
Alohida davrlarda normativ-huquqiy hujjatlar, qo‘llanma va ma’lumotnoma hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, aholini ro‘yxatga olishni moliyaviy va moddiy-texnik ta’minlashda hisob-kitoblarni tayyorlash uchun qo‘shimcha ravishda shartnoma asosida shtatda bo‘lmagan yuqori malakali mutaxassislar vaqtinchalik jalb etiladi.
Tuman va shahar miqyosida ro‘yxatga olish, instruktorlik, hisob va stasionar uchastkalarda ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish uchun to‘lov-shartnoma asosida xodimlar jalb etilishi mumkin. Registratorlar shahar va qishloq aholi punktlaridagi uylarning tayyorgarlik bosqichida avval tuzilgan ro‘yxatlarini va kartografik materiallarni aniqlash (aniq hududdagi uylarning haqiqatda mavjudligini tekshirish) uchun to‘lov-shartnoma asosida jalb etiladi. Registratorlarni davlat statistikasi organlari va uy-joy fondidan foydalanuvchi tashkilotlar xodimlari orasidan tanlab olish tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan davlat statistikasining hududiy organlari bilan birgalikda tashkil etiladi.
Davlat statistikasi organlari xodimlari, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va yuqori kurs talabalari, akademik liseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘qituvchilari orasidan ro‘yxatga olish uchastkalari mudirlari, instruktorlar va ro‘yxatga oluvchilarni tanlab olish tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan davlat statistikasining hududiy organlari bilan birgalikda shartnoma asosida tashkil etiladi, zarur hollarda, boshqa toifadagi shaxslar ham, ular aholi ro‘yxatini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish yoki uni o‘tkazishda ishtirok etishga rozi bo‘lgan taqdirda, bu jarayonga jalb qilinishi mumkin. Vaqtinchalik jalb etiladigan xodimlarga ismlari yozilgan nishonlar (guvohnomalar) beriladi. Bunda xodimning yashash joyi tekshirilayotgan aholi punktiga qatnash uchun qulay bo‘lishi kerak.
O‘ktamjon Teshaboyev
Rishton tumani statistika bo‘limi boshlig‘i
Post Comment