SMS xabarda ko‘rsatilgan qarzdorlik isbotini topmadi
Oltiariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan Navqiron mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi I.Jamolovning O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Murojaatda fuqaro tuman gaz idorasi tomonidan tabiiy gaz iste’molidan 1 222 330 so‘m qarzdorlik mavjudligi bo‘yicha mobil telefoniga yuborilgan SMS xabarnomasining haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi masalasida shikoyat qilgan.
Iste’molchi murojaati tuman gaz idorasi mas’ul xodimlari ishtirokida o‘rganilganda, xonadonda zamonaviy rusumdagi yangi elektron hisoblagich o‘rnatilganligi, hozirda xonadonda tabiiy gaz mavjudligi qayd etildi. Demak, mantiqan olib ko‘rilsa, ushbu holatning o‘zi iste’molchida qarzdorlik bo‘lishi ehtimolini yo‘qqa chiqaradi. Bu xonadon tomonidan iste’mol qilingan gaz hajmlari va amalga oshirilgan to‘lovlar qayta hisob-kitob qilinganda ham isbotini topdi.
O‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, iste’molchiga SMS xabar noto‘g‘ri yuborilganligi bo‘yicha javob xati yuborilib, gaz idorasi xodimlariga esa amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari targ‘iboti o‘tkazildi.
Dilobar Dadaxonova
Oltiariq tuman jamiyati mutaxassisi
(illyustrativ foto)
Post Comment