Iste’molda bo‘lgan tovarni sotib olgan xaridor undan foydalanishda muammolarga duch keldi
Bugungi axborot asrini zamonaviy smartfonlarsiz tasavvur qilishning imkoni yo‘q. Smartfon ishlab chiqaruvchilar tomonidan insonlar uchun taqdim qilinayotgan qulayliklar, zamonda ortda qolishni istamagan, lekin yangisini sotib olishga mablag‘i yetarli bo‘lmagan odamlarimizni ikkilamchi bozordan bo‘lsada smartfon xarid qilib, undan foydalanishga undamoqda. Iste’molda bo‘lgan tovardan foydalanishda unda turli nosozliklar chiqishidan esa hech kim kafolatlanmagan.
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Toshloq tumani «Sadda» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi U. Z.ning qizi B.Yo. uchun shahardagi «Oygul» savdo majmuasidan ilgari iste’molda bo‘lgan smartfonni 500 000 (besh yuz ming) so‘mga xarid qilinganligi, lekin uyga olib kelingach undan foydalanishda bir qator muammolar chiqqanligi yuzasidan murojaati o‘rganildi.
Avvalo, amaldagi qonun hamda «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ga ko‘ra, xaridor tomonidan sotib olinadigan tovar iste’mol qilingan bo‘lsa yoki uning kamchiligi (kamchiliklari) bartaraf etilgan bo‘lsa, xaridorga bu to‘g‘rida ma’lumot berilishi lozimligini eslatib o‘tish darkor. Tovar haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilishi esa, iste’molchiga shartnomani bekor qilish va yetkazilgan zararni o‘rni qoplanishini talab qilish huquqini beradi. Yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablar esa sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida iste’molchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi.
Murojaat o‘rganilishi jarayonida do‘konning iste’molda bo‘lgan telefon apparatlari savdosini amalga oshiruvchi sotuvchisi bilan suhbatlashilib, unga qonunchilik talablari, qonun talablarini bajarmaslik natijasida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar tushuntirildi. Natijada nuqsonli tovarni sotuvchiga, 500 ming so‘m pul mablag‘ini esa iste’molchiga qaytarilishiga erishildi.
Muhammadaziz Isaqov,
Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi.
Post Comment