Axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilingan tovar nuqson sabab sotuvchiga qaytarildi
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga og‘zaki ravishda murojaat qilgan tumanning «Nayman» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro M. M. onlayn do‘kondan buyurtma qilib sotib olingan 2 dona mini kamerani nuqsonli chiqqanligi tufayli pulini qaytarib olishida amaliy yordam so‘ragan.
Murojaatni o‘rganish davomida mini kameralar 2023 yil 26 iyul kuni onlayn do‘kondan buyurtma qilinib sotib olinganligi, iste’molchi kameralar uchun jami 206 000 so‘m to‘laganligi, tovar Q. S. ismli shaxs tomonidan yetkazib berilganligi, xarid qilingan kameralar nuqsonli chiqqanligi ma’lum bo‘ldi.
Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 28 prim 1-moddasida, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilishda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish tartiblari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, unga ko‘ra ushbu tizimlar orqali tovarlarni realizatsiya qiluvchi subyektlarga bir qator talablar qo‘yiladi. Shuningdek, iste’molchi shartnomani bekor qilish huquqiga egaligi, shartnoma bekor qilinganda tovar uchun to‘langan pulni iste’molchiga qaytarilishi yo‘l-yo‘riqlari ko‘rsatib o‘tiladi.
Iste’molchi murojaati amaldagi qonunlar talablar asosida o‘rganilishi jarayonida tovarni yetkazib bergan shaxs bilan bog‘lanilib, unga iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Natijada mini kamera uchun to‘langan 206 000 so‘m pul mablag‘i iste’molchiga qaytarilib, muammo ijobiy hal etildi.
Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
Post Comment