Nuqsonli chiqqan telefon apparati bepul ta’mirlatib berildi
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan tumanning Furqat mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi A. A. xarid qilingan mobil qurilmani nuqsonli chiqqanligini, ushbu nuqsonni amaldagi qonunchilik talablari asosida bepul bartaraf etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Iste’molchi murojaatida tuman hududida faoliyat olib boruvchi kredit savdo do‘konidan 8 000 000 so‘mga, tovar qiymatini bo‘lib to‘lash sharti va uch yillik kafolat muddati bilan, uyali telefon xarid qilgan. Ammo sotib olingan telefonda bir oy ichida bir necha marotaba qizib o‘chib yonish holatlari kuzatilgan. Shu asnoda ishlab kelgan telefon apparatini quvvatlagichga qo‘ygan iste’molchi uning nosozligiga yana bir bor guvoh bo‘ldi. Chunki telefon ekrani sinib chilparchin bo‘lgan edi. Yuzaga kelgan holat bo‘yicha kredit savdo do‘koniga qilgan murojaatiga esa rad javobini olgach, tuman jamiyatiga ariza bilan murojaat qilgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida uyali telefon ta’mirlash uchun servis markaziga yuborilganda mexanik shikastlanganligi va kafolat shartining 4-bo‘lim a-bandi talabiga ko‘ra kafolatli ta’mirga noloyiq, deb xulosa berildi. Servis markazi tomonidan berilgan xulosaga qoniqmagan holda, servis kompaniyaning Toshkent shahridagi yuqori turuvchi tashkiloti bilan mazkur masalada muzokaralar olib borilgach, telefon bepul ta’mirlab berilib masala ijobiy hal etilishiga erishildi.
Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment