Eshik va rom buyurtmasi bo‘yicha iste’molchining murojaati o‘rganildi

Eshik va rom buyurtmasi bo‘yicha iste’molchining murojaati o‘rganildi

Uy-joy ta’miri yoki qurilishida eshik va romlarni buyurtma asosida tayyorlatishda mahsulotning sifati, belgilangan o‘lchamlarga muvofiqligi va kelishilgan muddatda yetkazib berilishi muhim ahamiyatga ega. Buyurtmachi mablag‘ni oldindan to‘lagan bo‘lsa, xizmat ko‘rsatuvchi tomon o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishi lozim.

Yozyovon tumani Qatortol MFY hududida yashovchi fuqaro T.O‘. eshik va rom tayyorlash bo‘yicha buyurtmasi yuzasidan tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Iste’molchiga ko‘ra, fuqaro 2026 yil 29 avgust kuni 2 ta eshik va 3 ta rom buyurtma qilib, ular uchun 4 million 950 ming so‘m mablag‘ni to‘liq to‘lagan. Buyurtma 3 kun ichida tayyorlanishi kelishilgan bo‘lsa-da, belgilangan muddatda mahsulotlar tayyor bo‘lmagan. Shuningdek, buyurtmachi tayyorlanayotgan eshik va romlarning sifati hamda kelishilgan talablarga muvofiqligi yuzasidan e’tiroz bildirgan.

Murojaatni o‘rganish jarayonida tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi ustaxona va buyurtmachi o‘rtasidagi masalaga huquqiy tushuntirish berildi. O‘rganish natijasida ustaxona tomonidan eshik va romlarni kelishilgan o‘lchamlarda qayta tayyorlash, belgilangan muddatda yetkazib berish va o‘rnatish majburiyati olindi. Rasmiy javob xatida buyurtmachi talabiga muvofiq 2 ta eshik va 3 ta romni 2 ish kuni ichida tayyorlab, o‘rnatib berish belgilangani ma’lum qilindi.

Mazkur holat iste’molchilarga muhim eslatma: buyurtma asosida xizmat ko‘rsatishda kelishuvni yozma shaklda rasmiylashtirish, to‘lov hujjatlarini saqlash, mahsulotning o‘lchami, sifati va tayyor bo‘lish muddatini aniq belgilash zarur. Agar xizmat ko‘rsatuvchi o‘z majburiyatini bajarmasa, iste’molchi huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga murojaat qilishi mumkin.

Post Comment