Iste’molchining 410 ming so‘mlik xaridi yuzasidan amaliy chora ko‘rildi
Xonadonda qurilish va ta’mirlash ishlari davomida qum, shag‘al, sement, ko‘mir kabi materiallarni tashishda xalqimiz tilida g‘altak arava deyiladigan aravachalar muhim yordamchi vosita hisoblanadi. Shu sababli xarid qilingan aravachaning sifatli, mustahkam va foydalanishga yaroqli bo‘lishi iste’molchi uchun muhim ahamiyatga ega.
Yozyovon tumani Yuqori mahallasida yashovchi fuqaro H.O. 2026 yil 15 sentyabr kuni 410 ming so‘mga bir dona temir aravacha xarid qilgan. Biroq mahsulotdan bir kun foydalanganidan so‘ng, uning pastki qismi bukilib, aravacha yaroqsiz holatga kelgan. Iste’molchi mahsulotni almashtirib berishni so‘raganida, sotuvchi buyurtmalar ko‘pligini bahona qilib, aravachani 10–15 kundan keyin tayyorlab berishini bildirgan. Shu munosabat bilan fuqaro Yozyovon tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida jamiyat mutaxassislari tomonidan iste’molchi va xizmat ko‘rsatuvchining huquq hamda majburiyatlari tushuntirildi. Sotuvchiga iste’molchi talabini belgilangan tartibda hal etish zarurligi bildirilib, muammoni tezkorlikda hal qilish bo‘yicha tushuntirish berildi. O‘rganish yakunlari bilan fuqaroga sotilgan aravachaning pastki qismi mustahkam temir materialidan tayyorlab berilib, muammo hal etib berildi
Shu kabi holatlar bo‘yicha iste’molchilarga muhim eslatma: qurilish materiallarini tashish uchun mo‘ljallangan aravacha kabi mahsulotlarni xarid qilishda uning mustahkamligi va sifatini tekshirish, to‘lov hujjatini saqlash hamda nosozlik aniqlansa, sotuvchiga o‘z talabini aniq bildirish zarur. Muammo hal etilmagan taqdirda esa iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga murojaat qilish mumkin.



Post Comment