Jamiyat aralashuvi masalani iste’molchi foydasiga hal bo‘lishiga olib keldi

Jamiyat aralashuvi masalani iste’molchi foydasiga hal bo‘lishiga olib keldi

Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Lashkar ko‘chasida yashovchi A.J.ning 4 600 000 so‘mga xarid qilingan avtomat kir yuvish mashinasi 15 kun oldin ishlamay qolganligi, servis markaziga qilayotgan murojaatlaridan natija bo‘lmayotganligi masalasida Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.

Ma’lumki, har qanday idora yuqori turuvchi idorasining ishonch telefoni orqali og‘zaki ravishda qayd qilinib, keyinchalik hududiy tegishliligi bo‘yicha yuborilgan murojaatni o‘rganishdan oldin murojaat egasining shaxsiga, uning tomonidan berilgan manzil va boshqa ma’lumotlarga yana bir bor oydinlik kiritib oladi. Yuqoridagi murojaatni o‘rganishda murojaat egasi tomonidan qoldirilgan telefon raqami ishlamasdan, unga bog‘lanishning imkoni bo‘lmagani bois, berilgan manzil bo‘yicha aniqlik kiritilmoqchi bo‘linganda, ko‘rsatilgan manzilda boshqa shaxs yashashligi, u ishonch telefoniga murojaat qilmaganligi, murojaat qiluvchilar aslida shaharning boshqa ko‘chasidagi boshqa raqamli xonadonda istiqomat qilishlari, murojaatda ismi sharifi keltirilgan shaxsning o‘zi boshqa davlatga ishlash uchun ketganligi ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng, uning oila a’zolari bilan suhbat davomida murojaatda keltirilgan holatlarga qo‘shimcha aniqliklar kiritib olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, ular «Qo‘qon savdo kompleksi» hududidagi savdo do‘konidan Premier rusumidagi, kir yuvish quvvati 7 kg lik bo‘lgan avtomat kir yuvish mashinasini xarid qilib, muayyan vaqt foydalanishlari davomida unda qandaydir nosozlik kuzatilib ishlamay qolgan. Ushbu masalada servis markaziga qilgan murojaatlaridan natija chiqara olmaganlaridan so‘ng, Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilib, amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raganlar.

Ushbu masalaga shahar jamiyati aralashuvi bilan nuqson aniqlangan maishiy texnika servis markaziga olib ketilib, texnik ko‘rikdan o‘tkazilganda, kir yuvish mashinasining platasi kuyganligi qayd qilinib, ishlab chiqaruvchi bazasiga buyurtma berildi. Ehtiyot qism yetib kelishi bilan maishiy texnikaga o‘rnatilib, soz holatda iste’molchi xonadoniga yetkazilishi ta’minlanadi. O‘rganish ishlari davomida tomonlarga tovarda nuqson aniqlanganda uni bepul ta’mirlash bilan bog‘liq jarayonlar va qonunchilikda belgilangan muddatlar hamda ushbu muddatlarga amal qilmaslik natijasida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar yuzasidan qo‘shimcha tushuntirishlar berildi.

Muhammadjon O‘lmasov,
shahar jamiyati mutaxassisi.

Post Comment