Nuqsonlarini bartaraf etishning imkoni bo‘lmagan maishiy texnika sotuvchiga qaytarildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Qo‘shtepa tumani «G‘ishtmon» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi G.E.ning tovarning shartnoma qiymatini bo‘lib to‘lash shartlarida 5 000 000 so‘mga xarid qilingan kir yuvish mashinasi nuqsonli chiqqanligi, nuqsonni bartaraf etish bo‘yicha qilingan sa’y-harakatlar natija bermayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, «Beko»rusumli kir yuvish mashinasi «Ishonch» do‘konlar tarmog‘ining Toshloq tumanida faoliyat olib borayotgan shoxobchasidan narxini bo‘lab to‘lash shartlarida xarid qilingan. Maishiy texnikaga xarid qilingan vaqti 2024 yilning noyabr oyidan keyingi o‘tgan davr ichida 2 marta servis markazidan ustalar chaqirilib, texnik xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsada, nuqsonni to‘liq bartaraf etishning imkoni bo‘lmagan. Shundan so‘ng iste’molchi ushbu tovarni almashtirish yoki shartnomani bekor qilish bo‘yicha huquqlarini amalga oshirishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Marg‘ilon shahar jamiyatiga murojaat qilgan.
Murojaat o‘rganilishi jarayonida maishiy texnika ko‘zdan kechirilib, sotuvchining mas’ul shaxslari hamda shahar jamiyati vakillari ishtirokida nuqsonli tovarni olib ketish hamda shartnomani bekor qilib, iste’molchiga bo‘lib to‘lash shartlari asosida plastik kartasidan o‘tkazib borilgan mablag‘larni qaytarish to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtirildi. Shundan so‘ng, o‘rganish yakunlari bilan iste’molchi bank kartasiga 1 309 000 so‘m pul mablag‘i qaytarib tushirib berildi.
Saidxon Xapizov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Post Comment