Ijtimoiy soha tashkilotlarida targ‘ibot tadbirlari davom ettirilmoqda
Federatsiyaning Farg‘ona viloyatidagi tizim tashkilotlari tomonidan hududlaridagi ijtimoiy soha tashkilotlarida ishchi xizmatchilar bilan uchrashib, ular bilan iste’molchilik sohasining turli masalalari yuzasidan yuzma-yuz muloqotlar tarzidagi tadbirlar o‘tkazib borilmoqda. Beshariq va Dang‘ara tumanlarida shunday tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Beshariq tumani
Tumandagi 19-umumta’lim maktabida uzoq yillardan buyon Federatsiya tayanch guruhi (boshlang‘ich tashkiloti) faoliyat ko‘rsatib keladi va u tuman jamiyatining faol tayanch guruhlaridan biri sanaladi. Shu sababdan ham bu yerda tuman jamiyati mas’ullari tomonidan iste’molchilik sohasiga daxldor bo‘lgan masalalar yuzasidan muntazam ravishda turli tadbirlar o‘tkazib boriladi.
Mazkur maktabda tayanch guruhi faollari ishtirokida tashkillangan «Huquqiy bilim bilan huquqiy madaniyat sari» mavzusidagi davra suhbati ham shunday tadbirlardan biri sanalib, unda tuman jamiyati mas’ullari tomonidan mamlakatimizning iste’molchilarning huquqlarini ihmoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar, sohani yanada rivojlantirish maqsadida qabul qilingan Prezident va Hukumat qarorlari hamda boshqa normativ hujjatlar haqida atroflicha ma’lumotlar berib o‘tildi. Tadbirda so‘z olgan Federatsiya faollari tizimda amalga oshirilayotgan ishlarga ijobiy baho bergan holda, bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish masalalarida o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirib o‘tdilar.
Dang‘ara tumani
Hududdagi 9-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lgan tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari ta’lim muassasasi xodimlariga amaldagi qonunchilik asoslari, davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘lib xizmat qilayotgan “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun hamda iste’mol sohasiga oid qonunchilik ijrosi ishida keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlab berishga xizmat qiluvchi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlari mazmun-mohiyati yuzasidan ham tushuntirishlar berib o‘tdilar.
Tadbir doirasida maktabgacha tashkiloti xodimlarining iste’mol sohasiga oid fikr-mulohazalari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar qaytarildi.



Post Comment