Hisoblagichlardan foydalanish jarayonida yuzaga kelayotgan ayrim muammolar iste’molchilarda e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda

Hisoblagichlardan foydalanish jarayonida yuzaga kelayotgan ayrim muammolar iste’molchilarda e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda

Vazirlar Mahkamasining 15.07.2014-yildagi 194-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalari»ga ko‘ra, suv o‘lchash uzeli ichimlik suvi yetkazib berish tashkiloti tomonidan plombalanishi lozim. Plombalanmagan hisoblash asboblarini o‘rnatish va ulardan foydalanish taqiqlanadi. Keyingi vaqtlarda Qo‘qon shahrida yashovchi aholi vakillaridan kelib tushgan murojaatlar ichida suv hisoblash uskunalarini plombalab berish ishlarini cho‘zib yuborilayotganligi borasidagi murojaatlar ham talayginani tashkil qilmoqda.

Jumladan, shaharning Shohruhobod ko‘chasida yashovchi B.R. tomonidan Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilingan murojaatda ichimlik suv ta’minoti korxonasiga xonadondagi hisoblagichni almashtirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganligi, uning arizasi asosida korxonadan kelgan xodim iste’molchiga suv hisoblagichni o‘zlari xususiy usta topib o‘rnatib olishlarini, keyin ular muhrlab berishlarini aytib ketganligini, iste’molchi shu asosda hisoblagichni o‘rnatib ularga xabar berishiga qaramay muhrlab berish ishlari paysalga solinayotganligini ma’lum qiladi. Qo‘qon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda mazkur xodim ishdan bo‘shab ketganligi qayd qilinib, korxonaning shu ishga mas’ul bo‘lgan boshqa xodimi tomonidan xonadondagi suv hisoblagichni muhrlash (plobmalash) ishlari amalga oshirildi.

Hisoblagichlar bilan bog‘liq yana bir holat Marg‘ilon shahrida kuzatildi. Bunisi uzoq vaqtdan hech kim istiqomat qilmayotgan xonadondagi elektr hisoblagich bilan bog‘liq. Shaharning Maorif mahallasida istiqomat qiluvchi Sh.S. o‘zlariga qarashli bo‘lgan, uzoq yildan buyon hech kim yashamaydigan xonadon elektr ta’minoti uzib qo‘yilganligi, shu kunlarda ushbu xonadondagi elektr hisoblagichni almashtirish borasida elektr ta’minoti idorasiga murojaat qilganida hisoblagichning joriy ko‘rsatkichi va bazaga kiritilgan ko‘rsatkich o‘rtasida farq (qarzdorlik) chiqayotganligini ma’lum qilib, holat o‘rganib chiqilib, oydinlik kiritilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.

Bu borada olib borilgan o‘rganishlar jarayonida xonadondagi eski elektr hisoblagich qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilganda unda nosozlik mavjudligi kuzatildi. O‘rganish ishlari doirasida iste’molchi hisob raqamidagi qarzdorlik summasini xatlov yo‘li bilan qayta hisob qilib berilishi, murojaatda ko‘rsatib o‘tilgan muammoni ijobiy hal qilib berish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Muhammadjon O‘lmasov,
Saidxon Xapizov,
Qo‘qon hamda Marg‘ilon shahar jamiyatlari mutaxassislari.

Post Comment