Beshariqda iste’molchilik sohasiga oid qonunchilik asoslaridan yoshlarning xabardorligi sinovdan o‘tkazildi
Har yili «15-mart – Butunjahon iste’molchi huquqlari kuni» arafasida o‘zining dunyodagi turdosh tashkilotlari qatori, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tashkilotlari tomonidan ham joylarda turli shakllardagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkillanishi odat tusiga kirib qolgan. Ana shunday tadbirlardan biri Beshariq tumanida bo‘lib o‘tdi.
Beshariq tumanidagi 2-sonli texnikum va 1-umumta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirokida “Barchamiz – iste’molchimiz”, ”Biz – yosh iste’molchimiz” mavzularida talaba va o‘quvchi yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil qilindi. O‘tkazilgan tadbirlarda ishtirokchilarga dunyoda iste’molchilik ijtimoiy harakatining vujudga kelishi va taraqqiyoti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan e’tirof etilishi, dunyo mamlakatlarida, xususan O‘zbekiston Respublikasida bu boradagi qonunchilikning shakllanishi, bugungi holati, Federatsiya va uning hududiy tashkilotlari faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.
Tadbirlar so‘ngida o‘quvchilari o‘rtasida iste’molchilik bilimlarini olishga qiziqtirish, kundalik turmush jarayonida uchraydigan turli holatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, kelgusida iste’molchilik ijtimoiy harakatida faol ishtirok etish va yoshlarning huquqiy va iste’mol madaniyatini oshirish maqsadida “Bilimli iste’molchi – hamisha haq” shiori ostida tets sinovlari shaklida bilimlar bellashuvi tashkil qilindi. Bellashuv natijalarga ko‘ra yuqori natijaga erishgan va 1-3 o‘rin g‘olibligini qo‘lga kiritgan yoshlar Beshariq tuman jamiyatining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.



Post Comment