Ishni takroran bajarilishi yo‘li bilan nuqson bartaraf etildi

Ishni takroran bajarilishi yo‘li bilan nuqson bartaraf etildi

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ijrochi ish yoki xizmatda jiddiy nuqsonga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste’molchi ish (xizmat)ni bepul asosda qayta bajarilishini talab qilishga haqli. Nuqsonlar, agar shartnomada boshqacha muddat belgilanmagan bo‘lsa, 20 kun ichida bartaraf etilishi shart. Muddat buzilsa, har kechiktirilgan kun uchun ijrochi (xizmat ko‘rsatuvchi)dan ish (xizmat) qiymatining 1 foizi miqdorida penya undiriladi.

Buni Yozyovon tumanida iste’molchi A.I. duch kelgan holat asosida tahlil qilib ko‘raylik. Iste’molchi Lenovo rusumli Windows 10 operasion tizimida ishlovchi noutbugida yuzaga kelgan nuqson sababli kompyuterlarni ta’mirlash yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi usta N.I. ga murojaat qilgan. Usta tomonidan noutbuk ta’mirlanib, 155 000 so‘m xizmat haqi olingan, biroq oradan bir kun o‘tmasdan xuddi o‘sha nuqson yana qayta kuzatilib, noutbuk ishlamay qolgan. Ustaga qilingan bu safargi murojaatga esa xizmat yana to‘lov asosida amalga oshirilishi ma’lum qilingan.

Federatsiyaning Yozyovon tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan iste’molchining mazkur masaladagi murojaati o‘rganilishi davomida ustaga qonunchilikning yuqorida keltirib o‘tilgan talablari tushuntirilgach, noutbukni t’amirlash ishlari bepul asosda, takroran bajarilib, mobil qurilma iste’molchiga soz holatda topshirildi.

Post Comment