Iste’molda bo‘lgan smartfon xarid qilgan iste’molchining muammosi bartaraf etildi
Toshloq tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida istiqomat qiluvchi G.I.ning iste’molda bo‘lgan smartfon xarid qilingani va undagi nuqsonlar sabablar sotuvchiga qaytarilgani, lekin pul mablag‘ini qaytarib olishda muammolarga duch kelinayotgani masalasida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qoldirgan murojaati o‘rganildi.
Murojaatda iste’molchi, Marg‘ilon shahrida faoliyat yuritib kelayotgan savdo do‘konidan, Youtube kanali orqali amalga oshirilgan yozishmalar bilan bir dona iste’molda bo‘lgan “Samsung” rusumli telefon apparatini, 33 000 so‘m pochta xarajatlari ham qo‘shilib, 2 083 000 so‘mga xarid qilganligini, apparatga bir yarim oylik kafolat muddati ham berilganligini ma’lum qiladi. Pochta orqali iste’molchi manziliga yuborilgan mahsulot joriy yilning 7 mart kunida ochib ishlatib ko‘rilganida quvvati sarf bo‘lishi hamda qurilmaning tashqi tomonlarida qirilgan nuqsonlari borligi ma’lum bo‘lgan. Shu boisdan smartfon 9 mart kunida pochta orqali sotuvchiga qaytarilgan, biroq sotuvchi tomonidan pul qaytarilavermagach Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, agar xaridor tomonidan sotib olinadigan tovar iste’mol qilingan bo‘lsa yoki uning kamchiligi (kamchiliklari) bartaraf etilgan bo‘lsa, xaridorga bu to‘g‘rida oldindan ma’lumot berilishi kerak. Noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilishi esa iste’molchiga shartnomani bekor qilish va yetkazilgan zararni qoplanishini talab qilish imkoniyatini beradi. Tuman jamiyati mutaxassislari murojaat o‘rganilishi jarayonida sotuvchi bilan uchrashib unga qonunchilikning yuqoridagi talablarin yuzasidan tushuntirishlar berishlari bilan iste’molchini qiynab kelgan muammo barham topishiga hamda xaridorning bank plastik kartasiga 2 083 000 so‘m pul mablag‘ini to‘liq qaytarib tushirib berilishiga erishildi.
Husnidaxon Yakubova,
jamiyat mutaxassisi.



Post Comment