Iste’molchi manfaati ustuvor
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 14-moddasiga muvofiq, iste’molchi sifatsiz tovar sotib olgan taqdirda, uni almashtirish, kamchiliklarini bepul bartaraf etish yoki yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega. Mazkur norma iste’molchi manfaatlarini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Farg‘ona shahrida yashovchi iste’molchi O‘.Q. tomonidan qilingan murojaat ham aynan shu huquqiy kafolatlar asosida o‘rganib chiqildi. Uning murojaatiga ko‘ra, u Qo‘qon shahrida joylashgan “A… S… K…” savdo do‘konidan 3 200 000 so‘mga elektrovelosiped xarid qilgan, ammo qisqa vaqt ichida akkumulyator qismi nosoz holatga kelgan. Sotuvchi tomonidan uni almashtirishga rozilik berilgan bo‘lsa-da, lekin muammo hal etib berilmasdan kelingan.
Mazkur holat yuzasidan iste’molchi O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qilgan. Federatsiyaning Qo‘qon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaat atroflicha o‘rganilib, sotuvchiga qonunchilik talablari asosida tushuntirish ishlari olib borildi.
Olib borilgan amaliy choralar natijasida iste’molchining huquqlari tiklandi. Xususan, unga jami qiymati 800 000 so‘m bo‘lgan 4 dona akkumulyator yetkazib berildi. Shu tariqa, masala iste’molchi foydasiga hal qilinib, uning tomonidan masala yuzasidan qo‘shimcha e’tirozlari yo‘qligi bildirilgan.
Alisher Raximov,
jamiyat mutaxassisi.



Post Comment