Hududlarda iste’molchilar huquqlari bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda

Hududlarda iste’molchilar huquqlari bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda

Farg‘ona viloyatining bir qator tumanlarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari izchil davom etmoqda. Turli soha vakillari, ta’lim muassasalari xodimlari hamda yoshlar ishtirokida o‘tkazilayotgan mazkur uchrashuvlarda amaldagi qonunchilik mazmun-mohiyati keng tushuntirilib, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yozyovon tumani

Tuman Axborot-kutubxona markazida maktab bitiruvchilari uchun o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning asosiy jihatlari atroflicha tushuntirildi. Yoshlarga iste’molchi sifatida o‘z huquqlarini bilish, sifatli xizmat va mahsulot talab qilish, shuningdek, huquqbuzarlik holatlarida murojaat qilish tartiblari haqida amaliy ma’lumotlar berildi.

Uchko‘prik tumani

Tuman hududidagi 41-umumta’lim maktabida pedagog xodimlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda ta’lim sohasida iste’molchi huquqlarining ahamiyati, shartnoma munosabatlari, xizmat sifati va mas’uliyat masalalari yuzasidan fikr almashildi. Qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.

Bag‘dod tumani

Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan 22-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlari ishtirokida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Uchrashuvda bolalar bog‘chalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, ota-onalar bilan munosabatlar va iste’molchi huquqlarini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, qonunchilikda belgilangan talab va me’yorlarga rioya qilishning ahamiyatiga urg‘u berildi.

O‘zbekiston tumani

Tuman jamiyati tashabbusi bilan gaz idorasi mutaxassislari ishtirokida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Unda aholiga kommunal xizmatlardan foydalanishda iste’molchilarning huquq va majburiyatlari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar mas’uliyati hamda nizoli holatlarni hal etish mexanizmlari tushuntirildi. Tadbir ishtirokchilariga amaliy tavsiyalar berilib, ularning huquqiy xabardorligini oshirishga e’tibor qaratildi.

Post Comment