Marg‘ilonda iste’molchi asossiz qarzdorlikdan sud orqali ozod qilindi
Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqaro A. I.ning manfaatlarini ko‘zlab kiritilgan da’vo arizasi sud tomonidan qanoatlantirildi. Natijada iste’molchi asossiz hisoblangan qarzdorlik va penyadan ozod qilindi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudida ko‘rilgan ish materiallariga ko‘ra, Marg‘ilon shahri Chilonzor mahallasidagi xonadonga nisbatan Farg‘ona viloyati issiqlik manbai MChJ tomonidan 3 million 244 ming 757 so‘m 75 tiyin asosiy qarz hamda 507 ming 695 so‘m 44 tiyin penya hisoblangan.
Biroq fuqaro A. I. mazkur qarzdorlik asossiz ekanini bildirib, xonadonida 2023 yildan buyon radiatorlar o‘rnatilmagani, uy orqali faqat tik quvur o‘tgani va issiqlik ta’minoti bo‘yicha amalda xizmatdan foydalanilmaganini ma’lum qildi. Shu asosda u hisoblangan qarzdorlikdan ozod qilishni so‘rab murojaat qilgan.
Sud jarayonida javobgar tomoni vakili xonadonga nisbatan qarzdorlik hisoblanganini tasdiqlagan bo‘lsa-da, ish hujjatlariga ilova qilingan dalolatnomada mazkur xonadonda radiatorlar mavjud emasligi va faqat tik quvurlar o‘tgani qayd etilgan.
Sud ishni ko‘rib chiqish davomida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining energiya ta’minotiga oid moddalari hamda Vazirlar Mahkamasining kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tahlil qildi. Unda energiya ta’minoti shartnomasi belgilangan tartibda ulangan energiya qurilmalari va iste’mol uskunalari mavjud bo‘lgan holatdagina tuzilishi mumkinligi, xizmat amalda ko‘rsatilmagan taqdirda esa haq undirish asossiz hisoblanishi ta’kidlandi.
Shuningdek, sud O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik prosessual kodeksining 254-moddasiga asosan, da’vogar huquq va qonuniy manfaatlarini to‘liq himoya qilish maqsadida da’vo talabidan kengroq doirada qaror qabul qildi. Natijada fuqaro A. I. 3 million 244 ming 757 so‘m 75 tiyin asosiy qarz va 507 ming 695 so‘m 44 tiyin penyadan, jami 3 million 752 ming 453 so‘m 19 tiyin qarzdorlikdan ozod etildi. Sud qaroriga ko‘ra, javobgar korxonadan davlat foydasiga 412 ming so‘m davlat boji ham undiriladi.
Mazkur holat kommunal xizmatlar sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, asossiz qarzdorliklarni bartaraf etish va qonun ustuvorligini ta’minlashda sud hamda jamoat tashkilotlari hamkorligi muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.



Post Comment