Buxoro va Farg‘ona tajribasi uyg‘unlashgan uchrashuv
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Buxoro viloyat hududiy birlashmasi hamda uning tarkibidagi tuman (shahar) jamiyatlari raislari va mas’ul xodimlaridan iborat delegasiya tajriba almashish, hududiy tuzilmalar faoliyatini o‘rganish va Federatsiya a’zoligiga qabul qilish jarayonlarida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlar dastlab Federatsiyaning Marg‘ilon shahar jamiyati faoliyati bilan tanishdilar. Uchrashuvlar davomida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi, iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha amaliy ishlar, joylarda olib borilayotgan huquqiy targ‘ibot tadbirlari hamda jamoatchilik bilan samarali muloqotni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, mehmonlarga iste’molchilar murojaatlarini qabul qilish va ularni qonuniy hal etish mexanizmlari, nizolarni sudgacha hal qilish amaliyoti, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan loyihalar xususida ham ma’lumotlar taqdim etildi. Ayniqsa, Federatsiya a’zoligiga jalb qilish ishlarini tizimli tashkil etish, aholi bilan manzilli ishlash orqali jamiyatlar faolligini oshirish bo‘yicha Farg‘ona viloyati tajribasi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shundan so‘ng tajriba almashish tadbirlari Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasining yaqinda qurib, foydalanishga topshirilgan zamonaviy ma’muriy binosida davom ettirildi. Yangi binoda yaratilgan shart-sharoitlar, xodimlar uchun tashkil etilgan qulay ish muhiti, murojaatchilarni qabul qilish xonalari hamda huquqiy maslahat berish tizimi mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.
Bu yerda tashkil etilgan davra suhbatida iste’molchilarning murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularning huquqiy bilimini yuksaltirish, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun ijrosi ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini olib borish, shuningdek, hududiy jamiyatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Suhbat davomida ishtirokchilar tomonidan amaliy taklif va tashabbuslar bildirilib, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
Tashrif davomida mehmonlar Farg‘ona vodiysining boy milliy hunarmandchilik an’analari bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Xususan, Marg‘ilon shahridagi mashhur “Yodgorlik” fabrikasiga uyushtirilgan sayohat mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi. U yerda delegasiya a’zolari ipakni qayta ishlash jarayonlari, milliy adras va atlas matolarini tayyorlash bosqichlari, shuningdek, ushbu matolardan zamonaviy va milliy uslubdagi kiyim-kechak hamda turli buyumlar tayyorlanishi bilan yaqindan tanishdilar.
Ta’kidlanganidek, bunday uchrashuv va tajriba almashuvlar hududiy birlashmalar faoliyatini yanada takomillashtirish, sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.



Post Comment