Kafolatli texnikadagi nosozlikni bartaraf etish savdo do‘koni zimmasiga yuklatildi

Kafolatli texnikadagi nosozlikni bartaraf etish savdo do‘koni zimmasiga yuklatildi

Bugungi kunda maishiy texnika vositalarini kredit asosida xarid qilayotgan iste’molchilar soni tobora ortib bormoqda. Biroq ayrim hollarda yangi sotib olingan texnika vositalari qisqa vaqt ichida nosoz holatga kelib, iste’molchilar uchun turli muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bunday vaziyatlarda fuqarolar o‘z huquqlarini yaxshi bilishi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun tegishli tashkilotlarga murojaat qilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaro M. G‘. tomonidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoni orqali qilingan murojaat ham ana shunday holatlardan biri bo‘ldi. Murojaatchi savdo do‘konidan kredit asosida LG rusumli kir yuvish mashinasini xarid qilgan. Biroq texnikadan foydalanish boshlanganidan ikki oy o‘tar-o‘tmas, qurilmadan suv oqishi kuzatilgan. Fuqaro mazkur holat yuzasidan servis xizmatiga murojaat qilgan.

Servis markazi mutaxassislari texnika vositasini ko‘zdan kechirib, uni Toshkent shahridagi rasmiy servis markaziga yuborishgan. Tekshiruv yakunida kir yuvish mashinasi barabani tashqi ta’sir natijasida shikastlangani haqida xulosa berilgan hamda kafolat muddati bilan xarid qilingan maishiy texnikadagi ta’mirlash ishlari pulli asoslarda amalga oshirilishi ma’lum qilingan.

Mazkur vaziyatdan norozi bo‘lgan iste’molchi o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida Federatsiyaning 1091 qisqa raqami orqali murojaat yo‘llagan. Murojaat Qo‘shtepa tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganildi. O‘rganish jarayonida murojaatchi, servis xizmati va savdo do‘koni mas’ullari ishtirokida muzokaralar o‘tkazildi.

O‘rganish ishlari doirasida kir yuvish mashinasini servis markazi tomonidan ta’mirlatish, uni iste’molchining yashash manziliga yetkazib berish va qayta o‘rnatish vazifasi savdo tashkiloti mas’ullariga yuklatildi.

Mazkur holat iste’molchilar uchun muhim huquqiy saboq hisoblanadi. Avvalo, maishiy texnika xarid qilinganda shartnoma, kafolat taloni va to‘lov hujjatlarini saqlab qo‘yish zarur. Agar mahsulot kafolat muddati davomida nosoz holatga kelsa, iste’molchi uning sabablarini aniqlash va o‘z huquqlarini himoya qilishni talab qilish huquqiga ega.

Shuningdek, servis tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan xulosalar va hisob-kitoblar yuzasidan ham savollar tug‘ilsa, iste’molchilar mustaqil ravishda murojaat qilishlari va huquqiy yordam so‘rashlari mumkin. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘plab muammolar vakolatli tashkilotlar aralashuvi orqali iste’molchi manfaatlarini hisobga olgan holda hal etiladi.

Qo‘shtepa tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan ko‘rib chiqilgan mazkur murojaat ham fuqaroning qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga xizmat qildi. Natijada iste’molchi moliyaviy yuklamasining bir qismi kamaytirildi, qo‘shimcha kompensasiya undirib berildi va texnika vositasini qayta ish holatiga keltirish bo‘yicha aniq choralar belgilandi. Bu esa iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimining amaldagi samarali natijalaridan biri bo‘ldi.

Post Comment