Aldanmang! «Yutuqli o‘yin» va shirin va’dalar ortidagi qimmat xato
Ba’zan bir og‘iz shirin gap, «faqat bugungi aksiya», «eng arzon narx», «oyiga oz-ozdan to‘laysiz» degan takliflar insonni o‘ylamasdan qaror qabul qilishga undaydi. Ammo aynan shunday vaziyatlar ko‘plab iste’molchilarning moliyaviy muammolarga duch kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Yaqinda Marg‘ilon shahridagi maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari ham shunday holatga duch kelishdi.
Maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari M.S., M.X. va Z.A.larning murojaatlarini o‘rganish davomida to‘plangan hujjatlarda qayd etilishicha, o‘zini tadbirkor sifatida tanishtirgan shaxslar bolalar bog‘chasiga kelib, ularga turli maishiy texnikalarni taklif qilish jarayonida «stiker o‘chirish o‘yini» ham o‘tkazishadi va ushbu jarayonda bir necha bog‘cha xodimlarini «yutuqli o‘yin» g‘olibi deb e’lon qilishadi. Tadbir davomida ishtirokchilarga maishiy texnikalar va boshqa tovarlar «juda qulay shartlarda» taklif qilingan.
Achinarlisi, ishtirokchilarga mahsulotlarning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi hujjatlar to‘liq tanishtirilmagan, kafolat shartlari haqida aniq ma’lumot berilmagan, kredit shartlari esa yetarlicha tushuntirilmagan. Maktabgacha ta’lim tashkilotining ayrim xodimlari nomiga 3-4 nafar hamkasbi kreditga olgan tovarlar biriktirilib, ularning zimmasiga katta miqdordagi summalar rasmiylashtirilgan.
Tovarlar narxlari bilan bog‘liq holatlar, kredit shartlari va zimmalariga yuklangan boshqa o‘zlari kutmagan majburiyatlarini keyinchalik tushunib yetgan xaridorlar tovarlardan voz kechish va shartnomani bekor qilish haqida Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
O‘rganish jarayonida tadbirkorga nizoni ixtiyoriy hal qilish taklif etilgan. Biroq ushbu taklif rad etilgandan so‘ng ish sud tartibida ko‘rib chiqilishi uchun hujjatlar tayyorlangan. Ish sudda ko‘rilishi arafasida esa tadbirkor tomoni masalani o‘z tomoniga hal bo‘lmasligini tushunib yetib, murojaat egalarinining talablarini qanoatlantirishni lozim topgan.
Bu voqeadan qanday xulosa chiqarish kerak?
Firibgarlik har doim ham soxta sayt yoki telefon qo‘ng‘irog‘i orqali bo‘lmaydi. Ayrim hollarda u rasmiy ko‘ringan tadbir, seminar yoki taqdimot ortida ham yashirin bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun:
– «Faqat bugun» degan shoshilinch takliflarga ishonib qaror qabul qilmang.
– hech qachon o‘qimasdan hech qanday hujjat yoki shartnomaga imzo chekmang.
– kredit summasi, foizi, muddati va umumiy to‘lov miqdorini aniq bilib oling.
– mahsulotning sertifikati, kafolat taloni va to‘lov hujjatlarini talab qiling.
– agar tushunmagan bandi bo‘lsa, imzo qo‘yishni keyinga qoldiring.
– «Hozir imzo qo‘ymasangiz aksiya tugaydi» degan bosimlarga berilmang.
Har qanday arzon taklif haqiqatan ham foydali bo‘lishi shart emas. Ba’zan arzon deb olingan mahsulot keyinchalik oylab to‘lanadigan kredit, ortiqcha xarajat va sudma-sud yurishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Unutmang: iste’molchining haqiqiy tanlovi — bu shoshilmasdan, barcha ma’lumotlar bilan tanishib, ongli qaror qabul qilishdir.
«Aldanmang!» Bir imzo qo‘yishdan oldin uning har bir satrini o‘qing. Bir necha daqiqalik e’tibor sizni yillab davom etadigan muammodan asrashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, iste’molchilik sohasida huquqlaringiz buzilgan bo‘lsa, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishingiz yoki elektron tarzda murojaat.istemol.uz platformasi orqali murojaat yuborishingiz mumkin. Shuningdek, Federatsiyaning hududiy tashkilotlari ham huquqiy maslahat va amaliy yordam ko‘rsatadi.



Post Comment