Furqatda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Furqatda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi raisi Ahrorjon Raxmonaliyev Furqat tumani hokimi Elyorbek Asronqulov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotning asosiy mavzusi iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilishda davlat organlari va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, ijtimoiy sheriklik imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda aholi manfaatlariga daxldor masalalarni birgalikda hal etish istiqbollariga qaratildi.

Uchrashuvda bugungi kunda iste’molchi kundalik hayotida savdo, kommunal xizmatlar, transport, tibbiy va maishiy xizmatlar, elektron savdo kabi ko‘plab sohalar bilan munosabatga kirishishi, shu bois uning huquqlarini ta’minlash masalasi keng qamrovli yondashuvni talab qilishi ta’kidlandi.

Shundan kelib chiqib, tuman miqyosida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarni yanada jonlantirish, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish va qonunchilik talablarini aholiga sodda hamda tushunarli shaklda yetkazish bo‘yicha hamkorlikdagi tadbirlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ahrorjon Raxmonaliyev iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda jamoat tashkilotlarining o‘rni, jamoatchilik nazorati imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘rganish orqali sohalardagi tizimli muammolarni aniqlashning ahamiyati xususida to‘xtaldi.

O‘z navbatida, muloqotda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati va tuman hokimligi o‘rtasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, zarur hollarda mutasaddi tashkilotlarni jalb etgan holda murojaatlarni hamkorlikda o‘rganish, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik choralarni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor berildi.

Shuningdek, mahallalarda aholi bilan ochiq muloqotlar tashkil etish, yoshlar va keng jamoatchilik o‘rtasida iste’mol madaniyatini oshirish, savdo va xizmat ko‘rsatish sub’ektlari bilan tushuntirish ishlarini olib borish hamda jamoatchilik monitoringlari natijalaridan sohadagi muammolarni bartaraf etishda samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida Furqat tumani hokimligi va Federatsiyaning Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, aholi manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda iste’molchilarning huquqiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Bunday muloqotlar joylarda davlat va jamoat tashkilotlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, aholi murojaatlariga yanada yaqin bo‘lish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Post Comment