O‘quv kursi uchun to‘langan pulning 318 ming so‘mdan ortig‘i iste’molchiga qaytarildi

O‘quv kursi uchun to‘langan pulning 318 ming so‘mdan ortig‘i iste’molchiga qaytarildi

Har qanday ta’lim xizmati, avvalo, o‘quvchi bilan ta’lim muassasasi o‘rtasidagi kelishuv, o‘zaro ishonch va shartnoma shartlarining aniq belgilanishiga asoslanishi lozim. Ammo ayrim holatlarda iste’molchi xizmatdan foydalanishni davom ettirmaslikka qaror qilishi, to‘langan mablag‘ni qaytarish yoki hisob-kitobni qayta ko‘rib chiqish masalasida turli savollarga duch kelishi mumkin.

Shunday holatlardan biri Uchko‘prik tumanida yashovchi fuqaroning murojaatida o‘z aksini topdi.

Fuqaro arab tilini o‘rganish maqsadida “Progress school” o‘quv markazining kurslariga yozilib, bir oylik ta’lim xizmati uchun 350 ming so‘m to‘lovni amalga oshirgan. Biroq ma’lum vaqt o‘tgach, u kurs mashg‘ulotlarini davom ettirmaslikka qaror qilib, to‘langan mablag‘ bo‘yicha hisob-kitob qilinishi va qolgan qismi qaytarilishi masalasida amaliy yordam so‘rab Uchko‘prik tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi.

Murojaatni tuman jamiyati tomonidan har tomonlama o‘rganish maqsadida “Progress school” o‘quv markaziga rasmiy so‘rov yuborilib, fuqaro bilan tuzilgan shartnoma, to‘lov hujjatlari va xizmatdan amalda foydalanilgan muddat bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni taqdim etish so‘raldi.

O‘quv markazining taqdim etgan rasmiy bildirishnomasiga ko‘ra, fuqaro kurs paketi va uning shartlari bilan tanishtirilgan, shartnoma shartlariga rozilik bildirgan. Shu bilan birga, fuqaro kursning 2 kunlik qismida qatnashgani ma’lum qilindi.

Masala o‘rganilib, amalda foydalanilgan ikki kunlik dars uchun 31 240 so‘m hisobdan ushlab qolindi. Qolgan 318 760 so‘m mablag‘ esa iste’molchining shaxsiy bank kartasiga qaytarib o‘tkazildi. Bu holat o‘quv markazining rasmiy javob xatida ham qayd etilgan bshlib, bank to‘lov ma’lumotlari ham 318 760 so‘m mablag‘ fuqaroga o‘tkazilganini tasdiqlaydi.

Fuqaro murojaat o‘rganilishi natijasida ikki kunlik dars uchun belgilangan mablag‘ hisobdan chiqarilib, qolgan 318 760 so‘m pul mablag‘i qaytarilgan. U masala hal etilganidan mamnunligini bildirgan.

Ushbu holatda e’tiborli jihat shundaki, masala nizoni yanada chuqurlashtirish orqali emas, balki hujjatlarni o‘rganish, xizmatdan amalda qancha foydalanilganini aniqlash va xolis hisob-kitob qilish orqali hal etildi.

Ya’ni, iste’molchi to‘lagan mablag‘ning barchasi avtomatik tarzda qaytarilmagan, shuningdek uning talabi ham shunchaki rad etilmagan. Amalda olingan xizmat uchun haq hisoblanib, foydalanilmagan qismi bo‘yicha 318 760 so‘m mablag‘ iste’molchiga qaytarildi.

Bu esa iste’molchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasida yuzaga keladigan turli masalalarda hujjatlar, shartnoma shartlari, amalda ko‘rsatilgan xizmat hajmi va haqqoniy hisob-kitob muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Ba’zan iste’molchilar xizmat uchun pul to‘lab bo‘lgandan keyin: «Endi mablag‘imni qaytarib olishning iloji yo‘q», degan xulosaga kelib qolishlari mumkin. Aslida esa har bir holatning o‘ziga xos jihatlari bor va uni qonunchilik hamda tuzilgan kelishuvlar asosida o‘rganish talab etiladi.

Eng muhimi, shartnoma, to‘lov cheki yoki bank orqali amalga oshirilgan to‘lov hujjatlari kabi dalillarni saqlab qo‘yish zarur. Chunki ular iste’molchining murojaatini asosli o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Huquqingizni biling, hujjatlaringizni saqlang va muammoga duch kelganda uni qonuniy yo‘l bilan hal qilish imkoniyatlaridan foydalaning!

Post Comment