Bag`dod tumanida «Isteʼmolchilar uyi» qurib bitkazilib, ishga tushirildi

Bag`dod tumanida «Isteʼmolchilar uyi» qurib bitkazilib, ishga tushirildi

Barchamizga maʼlumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 13 sentyabrida «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to`g`risida»gi PQ-3271-sonli qarori qabul qilinib, qarorda bugungi kunda mamlakatimizda 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha soha va tarmoqlarda ulkan o`zgarishlar amalga oshirilayotganligi, bu borada jamiyat hayotida ezgu qadriyat va anʼanalarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg`usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo`lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotganligi alohida taʼkidlab o`tildi. Ushbu yo`nalishda tegishli huquqiy-meʼyoriy bazani mustahkamlash, tashkiliy-amaliy ishlarni zamon talablari asosida olib borish, bu masalaga keng jamoatchilikni jalb etish bo`yicha keyingi paytda birmuncha ishlar amalga oshirilayotganligi eʼtirof etib o`tilib, ayni vaqtda o`tkazilgan kuzatish va tahlillar bu sohada o`z yechimini kutayotgan bir qator dolzarb muammolar borligi va ularni keng ko`lamda hal etish zarurligini ko`rsatayotganligi, xalqimiz, avvalo, yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, joylarga, taʼlim muassasalariga vaqtida va maqbul narxlarda yetkazish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, farzandlarimizda bolalikdan boshlab kitob, jumladan, elektron kitob o`qish ko`nikmasini shakllantirish, jamiyatimizda mutolaa madaniyatini yuksaltirish bilan bog`liq muhim masalalarni hal etish dolzarb vazifa bo`lib qolayotganligiga ham alohida urg`u berib o`tildi.

Qaror eʼlon qilinganidan hech qancha vaqt o`tmay, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan yana bir tashabbus ilgari surildi. Bu «Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo`yicha beshta muhim tashabbus» bo`ldi. Undan ko`zlangan maqsad yoshlarimizga bo`lgan eʼtiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko`nikmalarini shakllantirish, yurtimiz yoshlari o`rtasida kitobxonlikni targ`ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirishdan iborat. Haqiqatan ham, turli ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi dunyo manzaralarida yoshlarimizning maʼnaviy immunitetini kuchaytirish, ularning bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazish har qachongidan ham dolzarbroq ekanini zamonning o`zi ko`rsatib turibdi. Shu bois prezident tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus muhim ahamiyat kasb etadi.

«Iste’molchi kutubxonasi» Bag`dodlik o`quvchi yoshlar uchun o`z ish faoliyatini boshladi

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, O`zbekiston huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan joylarda “Isteʼmolchi kutubxonasi”, “Isteʼmolchilar uyi” loyihalarini amalga oshirish bo`yicha keng ko`lamli ishlar rejalashtirib olindi. Federatsiya tizimidagi tashkilotlar ichida birinchi bo`lib, Oltiariq tumanida “Isteʼmolchi kutubxonasi” bunyod etildi va ishga tushirildi. Kutubxona bugungi kunda tuman aholisi, avvalo yoshlar uchun o`zining xizmatlarini ko`rsatib kelmoqda. Shundan so`ng Farg`ona viloyatining Rishton tumanida qurib bitkazilib ishga tushirilgan “Isteʼmolchilar uyi” ham “Isteʼmolchilar kutubxonasi” va Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining maʼmuriy binosini o`zida mujassam kompleks sifatida tizim tashkilotlari ichida respublikada birinchi bo`ldi. Bugungi kunda Surxondaryo viloyatining Sharg`un shaharchasida ham “Isteʼmolchi kutubxonasi” faoliyati yo`lga qo`yilgan.

Bag`dod tuman hokimi Аlibek Tursunov «Isteʼmolchilar uyi» kompleksi ochilishida nutq so`zlamoqda
Federatsiya respublikamizning 40 dan oshiq tuman va shaharlarida bu kabi loyihalarni amalga oshirishni o`z oldiga maqsad qilib olgan. Hozirgi vaqtda birgina Farg`ona viloyatining Farg`ona shahri, Dang`ara, Qo`shtepa, Farg`ona tumanlarida mazkur loyihalar asosida qurilish ishlari olib borilmoqda. Prezidentimizning PQ-3271-sonli qarori va Beshta muhim tashabbusni amalga oshirish doirasida Bag`dod tumanida amalga oshirilgan loyiha ham “Isteʼmolchi kutubxonasi” va tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati maʼmuriy binosini o`zida mujassam etgan yaxlit “Isteʼmolchilar uyi” kompleksini tashkil qildi. Ko`zlangan maqsad tuman jamiyatiga turli masalalarda tashrif buyurayotgan isteʼmolchilar, bu yerda nafaqat o`zlarini qiynab turgan muammolari bilan murojaat qilishlari, bepul huquqiy maslahat olishlari, balki qo`shimcha maʼnaviy ozuqa olishlari uchun ham sharoit hozirlanmoqda. «Isteʼmolchilar uyi»ni ochilishida O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov boshchiligidagi federatsiya markaziy apparati masʼullari, tizimning viloyat hududiy birlashmalari va tuman (shahar) jamiyatlarida mehnat faoliyati olib borayotgan rahbar va masʼul xodimlar, Bag`dod tuman hokimligi maʼsullari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Hududiy birlashma matbuot xizmati

Post Comment