So‘xda qanday o‘zgarishlar yuz bermoqda?

So‘xda qanday o‘zgarishlar yuz bermoqda?

Bugungi kunda So‘x tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilning 8 avgust kunidagi «2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash borasida tizimli asosda ishlar olib borilmoqda. Qaror asosida hududni ijtimoiy-iqtisodiy sohada shu paytgacha qiynab kelgan bir qator muammolarning yechimi bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilgan.

Tuman iqtisodiyotining o‘sish nuqtasi sifatida birinchi navbatda sanoatni rivojlantirish reja qilingan. Bunda tumanning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda respublikaning boshqa hududlari hamda qo‘shni davlatlardan olib kelinadigan mahsulotlarni tumanning o‘zida ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligida esa oziq-ovqat mahsulotlarini shu hududning o‘zida yetishtirish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidandir.

Tuman aholisini uzog‘ini yaqin qilish, ularga sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil qilish maqsadida o‘tgan yil davomida 7 ta zamonaviy klinikalar ishga tushirildi. O‘tgan yilning o‘zida 4 ta maktabgacha ta’lim muassasasining ishga tushirilishi, 2 ta umumta’lim maktabi rekonstruksiya qilinishi va yangi binolarning ishga tushirilishi ijtimoiy sohadagi birinchi qadamlardan bo‘ldi. 2021 yilda ham hududda 3 ta zamonaviy bog‘chalar tashkil etish yo‘li bilan bolalar qamrovini yanada oshirishni rejalashtirilgan.

Tumanda oliy toifali o‘qituvchilar yetishmasligi asosiy muammolardan biri. Ko‘p o‘qituvchilar boshqa hududlardan borib dars berishadi. Prezidentimizning qarori bilan 2020 yilda berilgan imtiyozlar asosida So‘xlik 480 nafar yoshlar oliy ta’lim muassasalariga kvotalar asosida qabul qilindi. Bu albatta, oldingi yillarga nisbatan 5-6 baravar ko‘p miqdorni tashkil qiladi.

Otabek Millaboev
Hududiy birlashma sektor boshlig‘i

Post Comment