Sobiq nazoratchi ortiqcha kiritilgan kubometrlar uchun to‘lovni o‘z hisobidan to‘lab berdi
Rishton tumani iste’molchilar huquqlarni himoya qilish jamiyatiga Mevazor MFY hududida yashovchi fuqaro M.Yusupov tuman gaz idorasi tomonidan hisoblangan 800000 (sakkiz yuz ming) so‘m qarzdorlikdan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
Murojaatda yozilishicha, fuqaro M.Yusupov gaz idorasining mizojlar bo‘limiga yuqoridagi qarzdorlik qaerdan kelganligiga aniqlik kiritish maqsadida murojaat qilganida, unga Billinggaz dasturiga MIBning o‘sha paytdagi nazoratchisi tomonidan ortiqcha 2040 m3 gaz sarfi kiritib qo‘yilganligi sababli ushbu qarzdorlik vujudga kelganligini ma’lum qilishgan. Fuqaro, u holda, ushbu qarzdorlikni hisobidan chiqarilishini so‘raganida mijozlar bo‘limi xodimlari qachonki qarzdorlik uchun to‘lov amalga oshirilsagina hisobdan chiqarilishi mumkinligini bildirganlar.
Murojaatni joyida o‘rganish maqsadida, gaz idorasi mijozlar bo‘limi mas’ullari ishtirokida, M.Yusupovning xonadoniga borilganda, gaz hisoblagich uskunasining joriy ko‘rsatkichi 24763 m3 ligi, xonadon tumangaz bo‘limi xodimlari tomonidan tarmoqdan uzilganligi va bu bo‘yicha alohida dalolatnoma ham tuzilganligi ma’lum bo‘ldi. Gaz idorasidan olingan ma’lumot bo‘yicha esa xonadonning iste’mol qilingan gaz sarfi hisoblagichnnig 26803 m3 ko‘rsatkichigachani tashkil qiladi.
O‘rganish jarayonida MIBning sobiq nazoratchisi S.B. bilan ham bog‘lanildi. U esa haqiqatan ham xonadon bo‘yicha ko‘rsatkichni yuborishda xatolikka yo‘l qo‘yganligini tan olib, ortiqcha kiritilgan 2040 m3 ko‘rsatkich uchun 750000 (etti yuz ellik ming) so‘m pul mablag‘ini iste’molchi foydasiga to‘lab berish uchun rozilik bildirdi. To‘lov amalga oshirilib, iste’molchi M.Yusupovning iste’mol qilingan tabiiy gaz to‘lovlaridan qarzdorligi yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berildi.
Xusniddin Latipov
Rishton tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment