Yana bir dolzarb masalada Jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 12 apreldagi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi O‘RQ-474-sonli Qonuni asosida jamoatchilik eshituvi tashkillandi.
Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 avgustdagi 646-sonli qarori bilan “Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” tasdiqlangan bo‘lib, mazkur Nizom bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tizimidagi tashkiliy-texnik talablar belgilangan, yetkazib beruvchilar, gaz ta’minoti tashkilotlari, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlari o‘rtasida suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish borasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga solingan.
Lekin bugungi kunda aholini suyultirilgan uglevodorod gazi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar jarayonida erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda, aholida yetkazib berilgan suyultirilgan uglevodorod gazi uchun hisob-kitob qilish bo‘yicha haqli e’tirozlar va tushunmovchiliklar ham mavjud. Ushbu holatlar aholini suyultirilgan uglevodorod gazi bilan ta’minlash jarayonini turlicha, o‘rni kelganda noto‘g‘ri talqin qilinishiga sabab bo‘lmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan Jamoatchilik eshituvi doirasida yuqoridagi holatlarga aniqlik kiritib olindi.
Hududiy birlashma Axborot xizmati rahbari G‘ayrat Mamatqulov Jamoatchilik eshituvini ochar ekan, “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali mas’ullaridan eshituv doirasida quyidagi holatlarga aniqlik kiritib berilishini so‘radi:
– Nizomning 45-bandiga asosan, iste’molchi yetkazib beriladigan suyultirilgan uglevodorod gazi uchun to‘lovni tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirishi lozim. Bugungi kunda viloyatdagi barcha suyultirilgan uglevodorod gazi oluvchi iste’molchilar shartnomalar bilan ta’minlanganmi? Yetkazib beruvchi tomonidan shartnoma majburiyatlarini bajarishi holati qay ahvolda?
– Nizomning 46-bandiga ko‘ra, iste’molchi suyultirilgan uglevodorod gazi yetkazib berilganligi holati bo‘yicha to‘lovni amalga oshirishi shart, 47-bandiga ko‘ra esa, olingan suyultirilgan uglevodorod gazi uchun to‘lov iste’molchilarning tanloviga ko‘ra istalgan to‘lovlarni qabul qilish shoxobchalari orqali amalga oshiriladi. Iste’molchi to‘lovni istalgan to‘lovlarni qabul qilish shoxobchalari orqali amalga oshira olishi (iste’molchining erkin tanlov huquqi) uchun qanday sharoitlar yaratilgan?
– 48-bandiga asosan, gaz ta’minoti tashkilotiga iste’molchilardan yetkazib berilgan suyultirilgan uglevodorod gazi uchun to‘lovni naqd pul shaklida qabul qilish taqiqlanadi (onlayn nazorat-kassa mashinalari qo‘llanilgan holatlar bundan mustasno). Nega gaz ta’minoti tashkilotiga iste’molchilardan to‘lovlarni qabul qilib olish taqiqlangani holda, joylarda aholi bilan naqd pulli hisob-kitoblar amalga oshirib kelinmoqda? Shuning bilan birgalikda, 20 kg suyultirilgan uglevodorod gazi bilan to‘ldirilgan ballon uchun iste’molchi 22400 so‘m to‘lovni amalga oshirishi belgilangani va buning uchun onlayn nazorat kassa mashinalari bo‘lmagani holda, to‘lovlar olinayotgani, iste’molchilarga naqd pulda qaytim berish o‘rniga turli tovarlar (sal’nik va boshqalar) bilan hisob-kitob qilish holatlari sodir etilayotganligini qanday baholash mumkin? Bu esa “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan qonunbuzilishi holatiga olib kelmoqda. Keyingi paytlarda “o‘rnatib berish xizmati” uchun deb iste’molchilardan qo‘shimcha haq olinishini qanday izohlash mumkin?
“Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Dilmurod Xojiaxmedov “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 avgustdagi 646-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ning 9-bobi 45-48-bandlari ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida” ma’ruza qilar ekan quyidagilarga to‘xtaldi:
– Bugungi kunda viloyatimizdagi 509784 ta suyultirilgan uglevodoro gazi iste’molchilarining har biri bilan ikki tomonlama shartnomalar tuzilib, bir nusxasi iste’molchi qo‘liga yetkazilgan, bir nusxasi esa tumandagi gaz ta’minoti bo‘limlarida saqlanib, ta’minotlar ana shu shartnomalar asosida amalga oshirib kelinmoqda.
Biz Nizomda ko‘rsatib o‘tilgan to‘lovlarni amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 iyundagi 633-sonli qarori 1-ilovasidagi “Yoqilg‘i energetika resurslarining narxlari va tariflari” asosida aholidan 1 kg suyultirilgan gaz uchun 1120 so‘mdan, 20 kg lik ballon uchun 22400 so‘m to‘lov olmoqdamiz.
Tuman bo‘limlarimizda davlat soliq inspeksiyalaridan ro‘yxatdan o‘tkazilgan onlayn nazorat kassa mashinalari mavjud bo‘lib, iste’molchilarga mazkur kassa apparatlari vositasida to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi cheklar berib kelinmoqda.
Endi iste’molchilardan “o‘rnatib berish xizmati” uchun olinayotgan mablag‘larga to‘xtalsak. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 iyundagi 348-sonli qarori qabul qilingan, shunga asosan iste’molchilarni suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bo‘yicha 646-sonli qarorga ayrim o‘zgartirishlar kiritilgan. Iste’molchining “o‘rnatib berish xizmati”dan foydalanishi ixtiyoriy bo‘lib, faqatgina shu xizmatlardan foydalanilgan holdagina undan 3000 so‘m to‘lov qabul qilib olinadi va unga to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi chek beriladi.
Hozirgi kunda suyultirilgan gaz iste’molchilariga bepul ID kartalar tarqatilmoqda. 1 avgustdan boshlab viloyatimizdagi suyultirilgan gaz iste’molchilari to‘lovlarni ana shu ID kartalar orqali amalga oshirib boradilar. Natijada iste’molchilarimizda bugungi kunda muammo sifatida qo‘yilayotgan ayrim savollar va tushunmovchiliklar, xususan qaytimiga sal’nik berildi kabi e’tirozlar o‘z-o‘zidan yechim topadi.
Gaz idorasi mas’ul xodimining ma’ruzasidan so‘ng, tadbir ishtirokchilarining savollariga atroflicha javoblar qaytarildi.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
1 comment