Namunali mijozga munosabat shumi?
Marg‘ilon shahridagi kredit savdo do‘konlarining biridan F. M. ismli mijozga telefon qilishib, u namunali mijozligi, to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelganligi sababli bonus berilishi, do‘konga kelib istagan mahsulotini imtiyozli ravishda xarid qilishi taklif qilingan. Taklif mijoz tomonidan qabul qilinib, do‘kondan yangi kredit shartnomasi asosida 3 mln 900 ming so‘mga mebel xarid qilingan.
Iste’molchining ta’kidlashicha, shartnomani imzolash chog‘ida mijoz do‘kon mas’ullaridan agar iloji bo‘lsa shartnomani ikki yillik muddatga tuzish, ya’ni mebel qiymatini ikki yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risida taklif bergan, lekin do‘kon mas’ullari buning iloji yo‘qligini, shartnoma bir yillik muddatga tuzilishini aytishib, uning qo‘liga bir yil davomidagi to‘lovlar jadvalini tutqazadilar.
Lekin keyinchalik jadval asosida to‘lovlarni to‘lab borayotgan mijozga telefon qilgan sotuvchi vakili kreditdan qoldiq borligi va uni to‘lab qo‘yishi lozimligini aytadi. Holatga aniqlik kiritish uchun kelgan mijozga esa shartnoma bazaga ikki yillik qilib kiritilganligi, shuning uchun ham oylik to‘lovlar summasi biroz yuqoriroq bo‘lishi ma’lum qilingan. Unga taqdim qilingan hisob-kitoblarga ko‘ra, u bir yil davomida 3 mln 900 ming so‘mni emas, aksincha 2 yil davomida 6 mln 800 so‘mni bo‘lib-bo‘lib to‘lab berishi lozimligi ayon bo‘lgach, iste’molchi shartnomani bekor qilishlarini, tovarni qaytarib olishlarini va amalga oshirgan to‘lov summalarini esa qaytarishlarini so‘raydi. Biroq talabi qondirilmagach, ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatishlarini so‘rab, Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.
Qonunga ko‘ra, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) iste’molchiga o‘zi realizasiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Agar tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilgan bo‘lsa hamda ushbu holat iste’molchining mol-mulkiga zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa (bizning holatimizda to‘lovlarni ko‘proq to‘lanishi lozimligi ayon bo‘lib qolishi natijasida) iste’molchi qonunchilikda belgilangan talablarni qo‘yishga haqli bo‘ladi.
Murojaatni shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganish jarayonida sotuvchining mas’ul vakillariga amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning tegishli bandlari bo‘yicha tushuntirishlar olib borildi. O‘rganishlar natijasi bilan esa, shartnoma bekor qilinib, tovar sotuvchiga, amalga oshirilgan to‘lovlar summasini esa iste’molchiga qaytarilishiga erishildi.
Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment